Jamiyat | 15:13 / 12.10.2015
7961
2 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya 1» telekanalida tez orada O‘zbekiston haqidagi ko‘p qismli serial efirga uzatiladi

Rossiyaning «Rossiya 1» federal telekanali orqali tez orada O‘zbekiston haqida hikoya qiluvchi 25 qismdan iborat «Sharq afsonalari» seriali efirga uzatiladi. Bu haqda film rejissyorlaridan biri Rustam Sa'dullayev Sputnik nashriga bergan intervyusi chog‘ida ma'lum qilgan.

O‘zbekistonlik aktyor-rejissyor Sa'dullayevning ta'kidlashicha, hozirda mazkur film ssenariysini yozish ishlari tugatilmoqda.

«Bu serial nima haqida deb so‘rashingiz tabiiy, albatta. Biz sharqning haqiqiy gavharlaridan biri bo‘lgan Buyuk ipak yo‘li qoq markazida joylashgan O‘zbekiston va undagi odamlarning uzoq vaqtlardan buyongi turmush tarzini yoritib berishni maqsad qildik», — deydi Sa'dullayev Sputnik nashriga bergan intervyusi chog‘ida.

Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, VGTRK qoshidagi «Rossiya 1» telekanali va Rossiya prodyuserlik markazlaridan birining g‘oyasi asosida vujudga kelmoqda.

Sa'dullayevning o‘zi mazkur loyihada hamprodyuser va rejissyor sifatida ishlaydi. Shuningdek aktyor serialdagi qahramonlardan birining rolini ijro etishi mumkinligini ham bildirgan.

«Ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma loyihasi to‘liq metrajli sharq shahzodasi va kambag‘al qiz haqidagi badiiy film bo‘ladi. Film sharqning go‘zal muhabbati haqida ertak ko‘rinishida bo‘ladi. Afsuski, ertak janridagi bunday filmlar kamayib ketgan. Film Buxorodagi qishloqlarda suratga olinishi rejalashtirilgan», deydi Sa'dullayev.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish