21:11 / 12.10.2015
18369

Tejamkor lampalarning zararli jihatlari aytildi

“Darakchi” gazetasi fuqarolarni ko‘pdan buyon qiziqtirayotgan savolga javob qidirib mutaxassislarga murojaat qildi. Ko‘pdan buyon bozorlarda sotilayotgan, ko‘plab bino va muassasalarga o‘rnatilayotgan energiya tejovchi lampalarning sog‘liqqa zarari borligi haqidagi gap-so‘zlar qay darajada haqiqatga yaqin? Bu savollarga O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tekshirish instituti laboratoriyasi xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Go‘zal Toshpo‘latova javob berdi.
“Albatta, sun'iy yoritish vositalarining barchasi insonning ko‘rish qobilityatiga u yoki bu darajada zarar qilishini inkor etib bo‘lmaydi, - dedi u. – Masalan, oddiy lampochka, issiq oq rangli yorug‘lik beradi. Bu esa chiroq yorug‘idagi buyumlarning asl ranglarida ko‘rish imkonini beradi. Ko‘z fotoretseptsiyasi tekshiruvlari shuni ko‘rsatmoqdaki, inson ko‘zi bilan sekin-asta bunday yorug‘likka ko‘nikib borgan. Biroq cho‘g‘lama lampalarning ish jarayonida inson ko‘zi bilan ilg‘ash mumkin bo‘lmagan lipillashlar kuzatiladi. Biroq bu ko‘rish va asab tizimiga salbiy ta'sir o‘tkazadi. Daf'atan yoqilganda uning o‘tkir nurlari ko‘rish qobiliyatini so‘ndirib yuborishi mumkin”.
Shu bilan birga, mutaxassis tejamkor lampalar ham bundan kam zarar keltirmasligini ta'kidladi: “Tejamkor lampalar esa obektlarning to‘g‘ri nur qaytarishin buzadi, bu bosh og‘rig‘i, charchoq, madorsizlik va ko‘znin xiralashuviga sabab bo‘ladi. Oq, sovuq rangli yorug‘lik beradigan chiroqlar bilan jihozlangan binolarda ishlovchilarning ko‘rish qobiliyati juda pasayib ketadi. Shu bois issiq oq yoki sariq rangli chiroqlar nisbatan xavfsiz sanaladi”.

Top