08:16 / 12.10.2015
3115

Yamandagi qamoqxona o‘qqa tutilishi tufayli kamida 20 kishi halok bo‘ldi

Yamanda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya samolyotlari tomonidan yo‘llangan aviazarbalar tufayli qamoqxonalardan birida kamida 20 nafar kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Sinxua agentligi xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, mamlakat janubida husiychilar nazoratida bo‘lgan Al-Bayda viloyatidagi qamoqxonaga havo zarbalari berilgan. Bu hujum oqibatida yana o‘nlab kishilar jarohat olgan.

Ma'lumot uchun, Yamanda hukumat va isyonchi husiychilar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar 2014 yilning avgustidan buyon davom etib kelmoqda. Shu yilning yanvarida husiychilarning "Ansor Alloh" guruhi Yaman poytaxti bo‘lmish Sano shahrini ishg‘ol qilgan va prezident Abd Rabbo Mansur Hodiyni shahardan haydab chiqargan. Mansur Hodiy Yamandagi ikkinchi yirik shahar Adanga ko‘chib o‘tgan.

Isyonchilar Adanga ham hujum qilishgach, u 25 mart kuni Saudiya Arabistoniga boshpana so‘rab, murojaat qilishga majbur bo‘lgandi.

Shundan keyin, 26 mart kuni uning iltimosiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Yamanda qonuniy hukumatni tiklash maqsadida isyonchilarga qarshi harbiy amaliyotlarga kirishdi. Ko‘p o‘tmasdan Saudiya Arabistoni boshchilishidagi koalitsiyaga Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Iordaniya, Marokash, Misr va Sudan ham kirdi.

Top