12:29 / 13.10.2015
4155

Amerikalik ayol sud orqali qo‘lini sindirgan 12 yoshli jiyanidan 127 ming dollar talab qilmoqda

Manxettenda istiqomat qiluvchi ayol nogohon bilagining sinishiga sabab bo‘lgan jiyanidan 127 ming dollar talab qilmoqda, deya yozdi Daily News.

12 yoshga to‘lishini nishonlayotgan Shon Taral mehmonga kelgan qarindoshi bilan ko‘rishishga qaror qilib, uning qo‘liga otiladi. 54 yoshli Jyennifer Konnel esa o‘zini tuta olmay yerga noqulay holda yiqilib tushib, bilak suyagini sindirib oladi. Shu sababdan bolaning xolasi jiyanidan moddiy tovon puli talab qilmoqda.

Konnektikut oliy sudiga murojaat qilgan ayol o‘zining singan qo‘li sababli turli qiyinchiliklarga duch kelayotganidan shikoyat qilgan.

“Yaqinda bazmga borgandim, gazak solingan likopchani tutib turish menga qiyinchilik tug‘dirdi”, - dedi ayol.

Shon Taralning onasi 2014 yilda vafot etgani uchun sud majlisiga otasi kuzatuvi ostida keldi. Voyaga yetmagan bola mazkur ishdagi yagona javobgar sanalmoqda.

Top