Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Janubiy Koreyada yana bir marta MERS koronavirusi qayd etildi
Janubiy Koreyada MERS koronavirusidan davolangan odam bu xastalik bilan qayta kasallangani qayd etildi.
Yonxap agentligi xabariga ko‘ra, bemorning virus bilan qayta kasallangani tasdiqlangan.
Shunga qaramasdan, u boshqalardan ajratib qo‘yilmagunga qadar shifoxona umumiy bo‘limidagi bemorlar bilan aloqada bo‘lgan.
Hozirgi vaqtda virus aniqlangan bemor Seuldagi "Samson" shifoxonasida bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasida shu yilning may va iyun oylarida MERS koronovirusi keng tarqaldi. Natijada bu kasallik tufayli jami 186 kishi zararlanib, ulardan 36 nafari hayotdan ko‘z yumgan edi. Shundan buyon hozirga qadar mazkur kasallik qaytalamagandi.
Yaqin Sharq respirator sindromi koronavirusi — MERS kasalligiga ilk chalinish holati Saudiya Arabistonida 2012 yilda ro‘y bergan bo‘lib, xastalik Yaqin Sharq, Janubiy Koreya, Tailand va boshqa bir qator mamlakatlarga tarqaldi. U erta bosqichlarda hech qanday alohida alomatlarni yuzaga chiqarmaydi. Odatda immuniteti sust, surunkali o‘pka kasalliklari va buyrak yetishmovchiligi mavjud insonlar ushbu kasallikni oson yuqtirib oladi. Hozircha xastalikka qarshi vaksina ishlab chiqilmagan.