Jamiyat | 23:41 / 14.10.2015
4675
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyadagi kompaniya qochqinlarni hashamatli limuzinda tashigani uchun aholidan uzr so‘radi

Buyuk Britaniyadagi Serco kompaniyasi Londondan 7 nafar muhojirni Manchester shahriga hashamatli limuzin orqali olib borganidan keyin bundan norozi bo‘lgan inglizlardan uzr so‘radi.

Muhojirlar qimmatbaho limuzinda 330 kilometr masofani "sayr qilishgani" mahalliy aholiga yoqmagandi va ular buni "isrofgarchilik" sifatida baholashgandi.

"Bu transport vositasi safarlar va odamlarni tashish uchun emasdi. Bu soliq to‘lovchilarga yoqmaganini to‘g‘ri tushunamiz. Bu holat uchun uzr so‘raymiz", deb jurnalistlarga javob qaytargan Serco kompaniyasi rahbari Jyenni Xellidey.

Uning aytishicha, bu tashuv davlat bilan shartnomani bajarish uchun amalga oshirilgan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron shu yilning sentabrida mamlakatga keyingi 5 yil davomida 20 ming nafar qochqin qabul qilinishini ma'lum qilgandi.

Ayni vaqtda qirollikka olib o‘tuvchi Yevrotunnelning Fransiyaning Kale shahri hududidagi og‘zi oldida 5 ming nafardan ortiq qochqin to‘plangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish