20:01 / 14.10.2015
3944

Juliana Mur boshchiligidagi aktyorlar amerikaliklarga qurol sotilishini qat'iy nazoratga olishni so‘rashmoqda

Juliana Mur san'at ahlini amerikaliklarga qurol sotilishiga qarshilik ko‘rsatishda faol bo‘lishga chaqirdi. Uning boshchiligida Gollivudning 80 nafar aktyor va aktrisasi qurol sotilishida yangi me'yorlar o‘rnatilishini talab qilib chiqishmoqda.

Juliana Murning kampaniyasiga Jyennifer Lourens, Riz Uizerspun va Kim Kardashyan, shuningdek Stiv Kerell qo‘shilgan.

Bu tashabbuskorlar qurol xarid qilishni istagan kishilarning sog‘ligi va ruhiy holati jiddiy tekshirilishi kerakligini aytishmoqda.

Juliana Murning aytishicha, u va uning hamkasblari AQShda o‘qotar qurollardan o‘lim topish holatlari ortayotganidan xavotir olmoqda.

"2012 yilda Sendi Xukdagi maktabda ro‘y bergan otishma tufayli 26 kishi halok bo‘lganidan keyin (shundan 20 nafari o‘quvchilar) shu haqida o‘ylay boshlagandim", deydi aktrisa.

O‘tgan haftada Nevada shtatida 5 sinf o‘quvchisi qo‘shni qizni otasining qurolidan shunchaki chaqirganida kelmagani uchun otib o‘ldirgani jamoatchilik orasida shov-shuvlarni keltirib chiqargandi.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh ko‘chalarda o‘qotar qurollardan otib o‘ldiriladigan tinch aholi vakillari soni ko‘pligi bo‘yicha tuzilgan ro‘yxat beshligiga kiradi.

Ma'lumot uchun, AQSh konstituttsiyasiga ikkinchi o‘zgartirish kiritilganidan keyin fuqarolarga o‘qotar qurollarni sotib olish va undan foydalanish huquqi kafolatlangan. Bu qoida turli shtatlarda turli cheklovlar bilan amal qiladi.

Top