O‘zbekiston | 11:51 / 14.10.2015
7796
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarishda mintaqada yetakchi bo‘ldi

O‘zbekiston sug‘oriladigan maydonlarda suv resurslarini boshqarishning barcha yangi usullarini joriy etgan holda suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarishda mintaqada yetakchi bo‘ldi.

Bu haqda O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Abdusamatov o‘zining Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tgan Atrof muhit va suv resurslari bo‘yicha yuqori darajadagi “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” beshinchi konferensiyasidagi chiqishi chog‘ida ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, atmosfera havosi, yer va suv manbalari sifatini ko‘tarish, biologik xilma-xillikni saqlash, toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, energiya samaradorligini oshirish va iqlim o‘zgarishlarini yumshatishga qaratilgan qator davlat va sektorial dasturlarni amalga oshirish natijasida sug‘oriladigan yer maydonlarida sho‘rlangan hududlarning 6 foizga qisqarishi, 1,7 mln ga yer maydonining meliorativ holati yaxshilanishiga erishildi. Shuningdek, so‘nggi 15 yil ichida atmosferaning ifloslantirilishi jon boshiga 20 foizga qisqardi.

Meliorativ va irrigatsion infratuzilmalarni kelgusida takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 19 apreldagi “2013–2017 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida irrigatsiya tarmoqlarini qurish, reknstruktsiya qilish, ta'mirlash va qayta tiklash hamda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan edi. Shu maqsadlarda 1,2 mlrd dollardan ziyod mablag‘lar ajratildi”, - deya qayd etdi Abdusamatov.

Shuningdek, u 2013-2017 yillarga yillarga mo‘ljallangan davlat dasturida suv ta'minoti masalalariga ham alohida e'tibor qaratilganini ta'kidlab o‘tdi.

“Ko‘chma egiluvchan quvurlar va egatga plyonka to‘shash orqali sug‘orish usullari taxminan 30,0 ming ga maydonda joriy qilindi. Tomchilatib sug‘oriladigan maydonlar esa taxminan 19 ming gektarga yetib, yaqin uch yil ichida imtiyozli kreditlash hisobiga 25,0 ming gektarga yetkaziladi. Respublika qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilishga katta e'tibor qaratmoqda. Sholi, paxta va beda singari ko‘p suv talab qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘rniga kamroq sug‘orish mumkin bo‘lgan g‘alla, poliz, bog‘lar, uzum boshqa boshqalar yetishtirish hajmi ortdi. Natijada paxta yetishtiriladigan maydonlar 1 mln 250 ming ga (yoki 30 foizga), sholi 40 ming ga yoki 4 barobarga kamaydi. Ko‘rilgan barcha choralar evaziga respublika bo‘ylab suv olish hajmi o‘tgan asrning 90- yillaridagiga qaraganda 20 foizga qisqardi. Sug‘orish uchun olinadigan suv miqdori bir gektarga 18 ming m3/gadan 10,5 ming.m3/ga qadar kamaydi”, - deya qayd etdi Respulika Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi rahbari.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish