Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik paralimpiyachilar “Rio-2016” yo‘llanmalari o‘ynaladigan JChda ishtirok etishadi
2015 yilning 21-31 oktabr kunlari Qatar poytaxti Doha shahrida 2016 yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmalar beradigan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi.
Dunyoning yetakchi yengil atletikachilari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini 11 nafar paralimpiyachimiz himoya qiladi.
Jumladan, turli masofalarga yugurish bahslarida Faxriddin Hamroyev, Ulug‘bek Choriyev, Ma'rufjon Murodullayev, Sirojiddin Norov va Miran Saxatov startga chiqishadi.
Yadro va disk uloqtirish bahslarida esa tajribali sportchilarimiz Xusniddin Norbekov hamda Mavlonbek Haydarov g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan Sanobar Sobirova, Dilafruzxon Axmadxonova (ikkalasi yadro uloqtirish), Mansur Abdirashidov (yugurish) va Bekjon Chevarov (uzunlikka sakrash) kabi iqtidorli sportchilar ham o‘rin egallashgan. Ushbu sportchilar yosh bo‘lishligiga qaramay, turli darajadagi xalqaro musobaqalarda munosib qatnashib, terma jamoa murabbiylari ishonchini qozonishga muvaffaq bo‘lishdi.
“Davlatimiz rahbarining 2013 yil 25 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston sportchilarini 2016 yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida terma jamoalarmiz zaxirasini iqtidorli yoshlar bilan boyitishga ham alohida e'tibor qaratib kelinmoqda – deydi O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi rais o‘rinbosari Umid Axmadjonov. Buning samarasi o‘laroq, bugungi kunda har bir terma jamoamizda mahoratli sportchilarning munosib izdoshlari kamolga yetmoqda. Qatar davlatiga yo‘l olayotgan yoshlarimiz ham bir qator xalqaro turnirlarda ishtirok etib, xalqaro tajribalarini boyitib borishyapti. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, ular navbatdagi musobaqada ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlaydilar”.
O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari 17 oktabr kuni Dohaga yo‘l oladi.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytga qadar paralimpiyachilar 2016 yilgi Paralimpiya o‘yinlariga 22ta yo‘llanmani naqd qilib qo‘yishgan.