22:33 / 14.10.2015
4107

Qatardagi JCh: Fazliddin G‘oipnazarov ham finalda yengildi

Qatar poytaxti Doha shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida final bahslari davom etmoqda.

Vazni 64 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida hal qiluvchi jangga yetib kelgan Fazliddin G‘oibnazarov kumush medal bilan ortga qaytadigan bo‘ldi. Hamyurtimiz finalda rossiyalik Vitaliy Dunaytsevga qarshi jang olib bordi.

Ahmadaliyev kabi G‘oibnazarov ham jangni faol boshladi va birinchi raundda raqib bokschisiga ketma-ket zarbalar yo‘lladi. Ammo ikkinchi raqam ostida harakat qilgan rus bokschisi ham qarshi hujumda bir nechta zarbalar yo‘llashga muvaffaq bo‘ldi. Hakamlarning ikki nafar dastlabki raundda ustunlikni Dunaytsevga bergan bo‘lsa, bir nafari Fazliddinning ustunligi qayd etdi.

Rossiyalik bokschi yana bir raundda ustunlikka erishsa, jangni o‘z foydasiga hal qilishini bilardi va ikkinchi bo‘limda faollikni oshirdi. Natijada yana o‘sha ikki hakam 10:9, 10:9 hisobida Dunaytsevga ustunlik yozdi.

Uchinchi bo‘limda hamyurtimiz faol bo‘lishga harakat qildi. Raqibni nokdaunga tushirishga harakat qildi, ammo rossiyalik bunga imkon bermadi. So‘nggi raundda barcha hakamlar ustunlikni G‘oibnazarovga berishdi, ammo bu umumiy g‘alaba uchun kamlik qildi. 29:28, 29:28, 27:30.

Top