19:27 / 15.10.2015
3787

15-25 oktabr kunlarida turkiyalik shifokorlar Farg‘ona vodiysida bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi

Shu yilning 15-25 oktabr kunlarida Turkiya Respublikasining malakali shifokorlari delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurishadi. 

Delegatsiya Farg‘ona viloyati bolalar ko‘ptarmoqli tibbiyot markazida (Farg‘ona shahri, Alisher Navoiy ko‘chasi 56-uy) bo‘ladi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi jismonan baquvvat, ma'nan yetuk, ruhan tetik farzandlarni tarbiyalashda, onalik va bolalikni muhofaza qilish, “Sog‘lom avlod” harakatini rivojlantirish maqsadida bir qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” fondi xorijiy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, hukumat qarorlari hamda Davlat dasturlari ijrosini ta'minlash uchun bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish yo‘lida qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 2015 yil davomida Fond onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining “Save the Children” xalqaro fondi, Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash KOFIH fondi, “Vision Care Servise” va “Siloam Center for the Blind” xayriya tashkilotlari, Ewha Womans University, Severance University, In Xa va Pundan Cha Universitetlari gospitallarida tug‘ma yurak nuqsoni, terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan og‘rigan O‘zbekistonlik bemor bolalarni bepul sog‘lomlashtirdi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 1 avgustdagi PQ-2221-sonli “O‘zbekistonda aholi reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘ligini muhofaza qilish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, bolalarni respublika klinikalarida va tibbiyot markazlarida hamda chet elda sog‘lomlashtirish, shu jumladan, tug‘ma yurak nuqsonlari bilan tug‘ilgan bolalarni sog‘lomlashtirish va tezkor davolash, yuqori lab va qattiq tanglayning tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan bemor bolalarni sog‘lomlashtirishdek ishlarda “Sog‘lom avlod uchun” fondi bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda.

Bu sohada Fond Turkiya Respublikasi bilan bir qator sog‘lomlashtirish dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. Ushbu xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12 oktabr 2015 yilda tasdiqlangan 10/1-139-sonli tashrif Dasturi asosida 2015 yilning 15-25 oktabr kunlari Turkiya Respublikasining malakali shifokorlari (17 nafar professor plastik jarrohlar, anesteziologlar va boshqa mutaxassislar) tomonidan Respublikamiz hududida: (16-23 oktabr kunlari soat 09:00-18:00gacha Farg‘ona shahridagi viloyat bolalar ko‘ptarmoqli tibbiy markazi (Alisher Navoiy ko‘chasi 56-uy) Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan kelgan yuz sohasidagi tug‘ma va kuyishdan keyingi asoratlar, yuqori lab va qattiq tanglayning tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan bolalarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishib, og‘ir deb topilgan bemor bolalar jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtiriladi. Turkiya Respublikasidan kelgan ushbu delegatsiya a'zolari o‘zlari bilan olib kelgan dori-darmon va sanitariya-gigiyena vositalari yordamida qo‘yilgan tashxislar asosida bemorlarni davolaydilar.

Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, 2014 yilning 10-20 oktabr kunlari Turkiya Respublikasining malakali shifokorlari yurtimizga tashrif buyurib, jami 201 nafar yuqorida ko‘rsatilgan tashxisli bemor bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgan. Shulardan og‘ir deb topilgan 105 nafar bemor bolalarni jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirilgan edi.

Top