20:22 / 15.10.2015
4715

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar xodimlari yordam berishga doimo shaylar

Aholini va milliy boyliklarni favqulodda vaziyatlar, avariyalar, falokatlar va tabiiy ofatlardan himoya qilish O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar xodimlarining oldida turgan asosiy vazifalardir. 

Dunyoda hech qaysi bir davlat tabiiy va texnogen ko‘rinishdagi favqulodda vaziyatlar yuz berishidan kafolatlanmagan. Bunday hollarda ko‘pincha hisob daqiqalarda emas, soniyalarda ketadi, chunki falokatga tushib qolgan odamning hayoti va salomatligi unga yordam qanchalik tez kelishiga bog‘liq bo‘ladi.

Jumladan, Samarqand shahri favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga har kuni yordam kutayotgan o‘nlab odamlar qo‘ng‘irog‘i kelib tushadi. O‘zbekiston FVV bu aholining hayot faoliyati xavfsizligini ta'minlovchi ko‘p vazifali tizimdir. Xoh yo‘l-transport hodisasi, xoh yong‘in, xoh uyda yolg‘iz qolgan bolalar bo‘lsin, FVV xodimlari doimo yordam berishga shaylar.

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanining eng yuqori cho‘qqisida mart oyida qor ko‘chkisi oqibatida 100 ga yaqin avtomobil qor uyumi qurshovida qoldi. Mashinalardagi yo‘lovchilar zudlik bilan evakuatsiya qilindi. FVB qutqaruv otryadi boshqa davlat maxsus xizmatlari xodimlari bilan birgalikda 8 soat davomida yo‘lni tozalash ishlarini olib bordilar.

1-sonli tuman qozonxonasida ish qidirib yurgan yoshlarning qiziquvchanligi ularning jarohat olishlariga olib keldi. 30 sentabrda Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga yordamga chaqirayotgan odamlarning ovozini eshitgan tayanch noziri S.Ro‘ziyevning qo‘ng‘irog‘i kelib tushdi. Yigitlar 1,5 tonnalik, balandligi 6 metr bo‘lgan akkumulyator bakiga tushib ketishgan. Qutqaruv guruhi tezkorlik bilan yigitlarni o‘radan chiqarib oldi. Yigitlardan biri oyoq-qo‘l va belidan jiddiy jarohat olgan.

Shu kunning o‘zida kuchli jalali yomg‘ir tufayli Samarqand shahri “Xo‘ja Soat” mahallasida yashovchi 15 ta xonadondagi 50 dan ortiq odam balandligi 1 metrlik suv qurshovida qolib ketdi. Odamlarni evakuatsiya qilishga bir necha daqiqa kifoya qildi, biroq suvni tortib olish uchun bir kun talab qilindi.

“Favqulodda vaziyatlar vaqtida to‘g‘ri strategiyani belgilab olish juda muhimdir. Qutqaruvchilar jabrlanganlarni qutqarish uchun birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni evakuatsiya qilish va transportda tashishning usullari va metodlariga o‘rgatiladilar”, deb aytmoqda shahar FVB qutqaruvchilar guruhi sardori Maqsud Mansurov.

Aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan, har yili kuzgi-qishki mavsumda is gazi bilan zaharlanish va gaz-havo aralashmalarining alangalanishi bilan bog‘liq ko‘plab baxtsiz hodisalar yuz beradi. Bunga uy-joylarni issiqlik ta'minotiga ulashda xavfsizlik choralari va me'yorlariga amal qilmaslik, nosoz gaz ballonlarini ishlatish, maishiy gaz asboblaridan foydalanish talablarini buzish sabab bo‘ladi.

Ayni kunda Samarqand shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasida 43 nafar qutqaruvchi ishlab, ular ishga kirishishdan oldin maxsus tayyorgarlikdan o‘tadilar. Bunda katta ahamiyat tog‘dagi tayyorgarlikka qaratiladi. Bu qutqaruvchilarga nafaqat tog‘, balki shahar sharoitlarida, jumladan sanoat obektlari va ko‘p qavatli uylarda ishlay olish imkoniyatini beradi.

Top