Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda 2030 yilgacha energiya quvvati uchdan bir qismga oshiriladi
O‘zbekistonda 2030 yilga qadar milliy energotizim quvvati qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga 28 foiz yoki 3,443 GVtga o‘sib, 15,8 GVtga qadar ortadi. Bu haqda 15 oktabrda e'lon qilingan “Milliy iqtisodiyotning past-uglerodli rivojlanishga o‘tishda O‘zbekistonga ko‘maklashish” loyihasida so‘z boradi.
Hujjatda qayd etilishicha, ko‘rsatib o‘tilgan rejalarni amalga oshirish yiliga 11,4 mlrd kVt.s elektr energiyasi ishlab chiqarish va 3,9 mlrd kub metr tabiiy gazni iqtisod qilishga imkon tug‘diradi. Mazkur strategiya BMT Taraqqiyot dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining hamkorlikdagi loyihasi doirasida ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistonda quyosh stansiyalari quvvati 2 GVtni tashkil etib, 5 mlrd kVt.s elektr energiyasi ishlab chiqarilishini ta'minlaydi.
Gidroenergetika sohasi quvvati esa ko‘rsatib o‘tilgan davr ichida 938 MVtgacha ortib, qo‘shimcha ravishda 2,599 milliard kVt.s energiya ishlab chiqariladi. Biogazli qurilmalar quvvati 465 MVt va 3,72 milliard kVt.s, shamol qurilmalari 40 MVt va 80 million kVt.s ga ortishi belgilangan.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, YaIM o‘sish ko‘rsatkichlarining yiliga 8-8,5 foiz darajasida o‘sib borishi sharoitida O‘zbekistonda 2030 yilga qadar energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoj 2013 yilga nisbatan 25,5 foizga ortib, 43,5 million tonna neft ekvivalentini tashkil etadi. O‘zbekiston mutaxassislarining hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvati 51 mlrd tonna neft ekvivalentini tashkil etib, texnik imkoniyatlari 179,8 mlrd tonna neft ekvivalentidan iborat.