Sport | 14:45 / 15.10.2015
2399
2 daqiqa o‘qiladi

Rustam Qosimjonov blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatida 10-o‘rinni egalladi

Germaniyaning Berlin shahrida shaxmatning blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi.

Shveytsarcha tizimda va 21ta turdan iborat ushbu musobaqa yakunida rossiyalik grossmeyster Aleksandr Grishuk g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. U 15,5 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda "Olamsport.som" xabar bergan.

Bu bilan Grishuk blits yo‘nalishda uch karra jahon chempioniga aylandi.

E'tiborga molik jihati shundaki, Aleksandr Grishuk jahon chempionati doirasida uch bor mag‘lubiyatga uchradi. Uning mag‘lubiyati o‘yinlaridan biri 17-jahon chempioni Rustam Qosimjonov bilan bahsda qayd etildi.

Shuningdek, u armanistonlik Tigran Petrosyan va ozarbayjonlik Teymur Rajabov ham bo‘lajak jahon chempionini taslim etishgandi.

Fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav va rossiyalik Vladimir Kramnik 15tadan ochko jamg‘arib, kuchli uchlikdan joy olishdi. Rustam Qosimjonov esa 13,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 10-pog‘onadan joy oldi. U jahon chempionatining rapid yo‘nalishida 14-o‘rinni egallagandi.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining rapid yo‘nalishida 158, blitsda esa 188 nafar shaxmatchi ishtirok etdi. Jahon chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSh dollaridan iborat bo‘lib, mos ravishda har ikki yo‘nalishda g‘olib chiqqan norvegiyalik Magnus Karlsen va rossiyalik Aleksandr Grishuk 40 ming dollardan mukofot puliga ega bo‘lishdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish