Jahon | 12:45 / 16.10.2015
4005
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonlik talaba Olma-otada yuz bergan yo‘l-transport hodisasida tramvay yo‘lovchilarini qutqardi

Bashoratxon Yusufiy ismli afg‘onistonlik talaba Olma-otada 13 oktabrda tramvay ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida tramvay yo‘lovchilarini qutqarib qoldi. Bu haqda talaba tahsil oladigan Asfandiyorov nomidagi Qozoq milliy universiteti matbuot xizmati Tengrinews.kz nashriga xabar berdi.

13 oktabrda kechki payt 6-yo‘nalish bo‘yicha qatnovchi tramvay chorrahada 11 ta avtomobil bilan to‘qnashib ketgan. U izdan chiqib ketib, yana 3 avtomobilni urib yuborgan.
Tramvay yo‘lovchilarining aytishicha, 45-50 yoshlar atrofidagi tramvay haydovchisi tramvay o‘chib qolgani tufayli uni to‘g‘irlash maqsadida uni tark etgan. Haydovchi tashqarida turib ayol yo‘lovchilardan biriga “tormoz” tugmasini bosishni iltimos qilgan. Biroq yo‘lovchi tormoz o‘rniga “gaz” tugmasini bosib yuborgan va buning oqibatida tramvay joyidan qo‘zg‘alib ketib, o‘z yo‘lidagi mashinalarni urib ketgan.

Tramvay harakatlanayotgan paytda izidan chiqib ketgan, yoshroq yo‘lovchilar tramvaydan sakrab tusha boshlaganlar, biroq yoshi kattalar, ayol va bolalar tramvay ichida qolganlar.
Tramvay salonida ketayotgan afg‘onistonlik yigit boshqarib bo‘lmay qolgan tramvayni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Yigit eshigi yopilib qolgan haydovchi o‘rniga yugurib borib, oynani sindirib, stop-kran dastagini tortib, tramvayni to‘xtatgan.

Universitetda talabaning ko‘rsatgan jasoratidan minnatdor tramvay yo‘lovchilaridan bilishdi. Yigitning o‘zi bu haqida hech kimga hech narsa demagan. Universitet rektori Aykan Akanov universitet ilmiy kengashida Bashoratni “Universitet faxrlari” galereyasiga kiritishni tavsiya qilishini aytdi.

Akanovning aytishicha, Bashorat Qozog‘iston granti bo‘yicha tibbiyot sohasi bo‘yicha tahsil olayotgan 200 nafar afg‘on talabasidan biri bo‘lib, a'lochi talabalardan biri va voleybol bo‘yicha universitet ligasi ishtirokchisi hisoblanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish