16:41 / 16.10.2015
6405

Falastinliklar Yusuf payg‘ambarga tegishli deya hisoblanuvchi qabrni yoqib yuborishdi

Isroilning Haaretz agentligi 16 oktabr kuniga o‘tar kechasi falastinliklar Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan Nablus shahri yaqinidagi Yusuf payg‘ambarga tegishli deya hisoblanuvchi qabrni Molotov kokteyli yordamida yoqib yubordi, deya xabar tarqatdi.

Yuzlab namoyishchilar Balat falastinlik qochqinlar lageri yaqinida politsiya kuchlari bilan to‘qnash kelgan paytda sodir bo‘lgan hodisa sababli yahudiylar uchun muqaddas sanaluvchi mazkur yodgorlikka qisman shikast yetdi. Voqea joyiga Falastin politsiyasi yetib kelib, qabr atrofini o‘rab oldi, aksiya ishtirokchilari esa ularga qarata tosh va yonuvchan modda solingan shishalarni uloqtira boshladi. Ularning bir nechtasi esa muqaddas hisoblanuvchi maqbara hududiga tushgan, deya oydinlik kiritdi Epoch Times.

Yong‘in natijasida hech kim jabrlanmadi. O‘t o‘chirish xodimlari zudlik bilan yong‘inni bartaraf etishdi. Falastin hukumati bu ishni vandalizm deb baholab, aybdorlarni jazolash va yodgorlikni qayta tiklashga va'da berdi.

Top