Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zDJTUda IShID tahdidiga qarshi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi
2015 yilning 16 oktabr kunida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida turli yot g‘oyalar va tahdidlarga qarshi kurashish, milliy immunitetni shakllantirish maqsadida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda universitet rektori Sh.Qayumov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i S.Sherxonov, rus pravoslav cherkovi seminariyasi o‘qituvchisi O.Shkovorodyuk, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Ma'naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i M.Komilov, universitet prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, jamoat tashkilotlari rahbarlari, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar va 200 nafar talaba ishtirok etdi.

Tadbirning kun tartibidan Oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida turli yot g‘oyalar va tahdidlarga qarshi kurashish, milliy immunitetni shakllantirish maqsadi o‘rin oldi.
Tadbirni prorektor A.Nurmatov ochib berdi va so‘zni universitet rektori Sh.Qayumovga berdi. Sh.Qayumov o‘z nutqida hozirda Yaqin Sharq mamlakatlarida sodir bo‘layotgan notinchliklar va bu hodisalardan ogoh bo‘lish, xususan butun dunyoni larzaga solayotgan IShID terrorchilar to‘dasi haqida qisqacha ma'lumot berdi.

Shundan so‘ng tadbirda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Ma'naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i M.Komilovga so‘z navbati berildi.
M.Komilov o‘z nutqida bugungi tinch va xotirjam hayotimiz, xalqimizning ertangi kunga ishonch bilan yashayotgani, yurtimizning dunyo siyosati va iqtisodiyotida mustahkam o‘ringa ega bo‘lib borayotgani mamlakatimizda Prezident Islom Karimov tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatning natijasi ekanligini ta'kidladi. Aynan ana shu tinchlikni qadriga yetishda, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishda har bir fuqaro, ayniqsa yoshlar faol bo‘lishi kerakligini aytib o‘tdi.
“Bugungi o‘ta tahlikali, urush olovlari avj olib borayotgan Yaqin Sharq mamlakatlari, jumladan Suriya va Iroq kabi arab davlatlarida o‘zining tajovuzkor va vayronkor harakatlari bilan misli ko‘rilmagan xunrezliklarni amalga oshirayotgan IShID – "Iroq va Shom islom davlati" terrorchilik tashkiloti bugun dunyo afkor ommasi uchun eng dahshatli xavfdir. Mazkur terrorchilik tashkiloti vakillari islom dini niqobi ostida amalga oshirayotgan qo‘poruvchilik harakatlari, suiqasd va qotilliklari na insonga, na islomga xos”, dedi M.Komilov.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i S.Sherxonov so‘zga chiqdi va o‘zining "Diniy ekstremizm – yoshlar kelajagiga tahdid” nomli ma'ruzasi orqali bugungi kunda dunyoni xavotirga solayotgan IShID terrorchilar to‘dasi va ular tomonidan uyushtirilayotgan tajovuzkor harakatlar haqida batafsil ma'lumot berdi.
“Ming afsuski, bu qabih to‘da orasida o‘zbekistonliklar ham mavjud. Shuning uchun yoshlarni bunday razillar fitnasiga uchib qolmaslik maqsadida ularga bu haqda keng qamrovli tushunchalar berib borishimiz kerak” dedi S.Sherxonov.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan Rus pravoslav cherkovi seminariyasi o‘qituvchisi O.Shkovorodyuk bugungi tahlikali zamonda yoshlarda bo‘layotgan barcha salbiy jarayonlarga, chaqiruvlarga nisbatan immunitetni shakllantirish lozimligini ta'kidladi. Qachonki, har bir yoshda yomon illatlarga nisbatan immunitet mavjud ekan bunday yoshlarni og‘dirib bo‘lmasligini aytib o‘tdi.
“Darhaqiqat, bugungi globallashuv va taraqqiyot asri har kimdan kuchli bilim va tafakkur egasi bo‘lishni, zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli va maqsadli foydalanishni, sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan mustahkam fuqarolik pozitsiyasi bilan yondashishni talab etadi. Zero, befarqlik va bilimsizlik har qanday inson kelajagini yuqorida aytib o‘tilgan xavf-xatarlardan asrab qololmaydi”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Ma'naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i M.Komilov.

Savol-javob tarzida o‘tkazilgan tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tavsiya etilgan “21-asr fitnasi” nomli videofilm namoyish etildi.
