01:12 / 17.10.2015
9439

Islom Karimov: MDH – ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi bahs va munozaralarni hal etish uchun keng imkoniyat beradigan tuzilmadir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015 yil 15-16 oktabr kunlari Qozog‘iston Respublikasida bo‘ldi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi. Sammitning asosiy tadbirlari 16 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. 

MDH davlat rahbarlari Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama etib, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar bo‘yicha fikr almashdilar.

Uchrashuvda xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi hamkorlik masalasiga alohida e'tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov majlisda yaqin va uzoq mamlakatlarda vaziyat keskinlashib, shiddat bilan o‘zgarib borayotgani inobatga olinadigan bo‘lsa, MDH davlat rahbarlarining mazkur uchrashuvi o‘z vaqtida o‘tkazilganini ta'kidladi.

Ayniqsa, radikalizm, terrorizm, ekstremizm va narkotrafik xavfi ortib, nizo va qarama-qarshiliklar keskinlashib borayotgani katta xavotir uyg‘otmoqda. Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamon davom etayotgani va Hamdo‘stlik davlatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol ham tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi.

Davlatimiz rahbari bugungi g‘oyat murakkab vaziyatda har qanday uchrashuv va fikr almashish, yuzaga kelayotgan tahlikali vaziyatdan chiqish yo‘lini birgalikda izlash faqat foydali bo‘lishini alohida qayd etdi.

Islom Karimov sammitning ahamiyati haqida gapirar ekan, MDH bu borada muhim o‘rin tutayotganini ta'kidladi. Mazkur uchrashuv hayotning o‘zi talab qilayotgan zarurat bo‘lib, umumiy taraqqiyotimiz istiqboli uchun alohida ahamiyatga ega.

– Hamdo‘stlik – bu davlatlarning bevosita muloqot qilishi, fikr almashishi, dolzarb masalalarni muhokama etishi, o‘zaro manfaatlar va yaratilgan mustahkam huquqiy baza, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha ishlab chiqilgan vosita va mexanizmlar hisobga olingan holda, ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi bahs va munozaralarni hal etish uchun keng imkoniyat beradigan tuzilmadir. MDH savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ekstremistik faoliyatning oldini olish va unga qarshi kurashish, eng muhimi, Hamdo‘stlik hududida fuqarolarning o‘zaro muloqot qilishi, dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha o‘zaro maqbul tadbirlar ishlab chiqish hamda muvofiqlashtirilgan amaliy choralar ko‘rish uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda, – dedi Islom Karimov.

Top