19:57 / 18.10.2015
3929

Yaman hukumati xusiychilar va sobiq prezident Saloh bilan muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘ldi

Yaman hukumati xusiychilar va mamlakatning sobiq prezidenti Ali Abdulloh Saloh bilan muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi. 

Bu haqda hukumat matbuot kotibi ma'lum qildi.

“Muzokaralarda ishtirok etish haqida qaror qabul qilindi va tegishli xat BMT bosh kotibiga yuboriladi”, deb aytdi matbuot kotibi.

Qayd etilishicha, muzokaralar aynan BMT vakillari tomonidan tashkil etiladi.

Avvalroq Yamanning Adan shahriga Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlariga yordam bergani sudanlik harbiylar bataloni yetib kelgani ma'lum qilingandi.

Yamandagi qurolli to‘qnashuvning bir tomonida “Ansor Alloh” shialar harakatidan isyonchi xusiychilar va sobiq prezident Salohga moyil bo‘lgan armiyaning bir qismi, boshqa tomonda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiya kuchlari qo‘llab-quvvatlayotgan, mamlakatdan chiqib ketgan Abd Rabbo Mansur Hodiyning qo‘shinlari ishtirok etmoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar qurbonlari 5 mingdan oshib ketgan.

Top