Sport | 12:48 / 20.10.2015
5964
2 daqiqa o‘qiladi

"Bavariya" futbolchilari Armani tomonidan kiyintiriladi

Italiyadagi modalar uyi Giorgio Armani Germaniyaning "Bavariya" jamoasi futbolchilari uchun libos tikadi. Tomonlar keyingi 3 yil davomida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishishgan. Bu haqda nemislarning WWD nashri xabar bergan.

Armani futbolchilar uchun rasmiy marosimlarda kiyiladigan liboslar tayyorlab beradi. Dizaynerlar tomonidan futbolchilar uchun kashmiri va ipak matolaridan qora-ko‘k ranli kostyumlar, nimchalar, shimlar, oq ko‘ylaklar hamda sviterlar tikiladi. Bundan tashqari, modalar uyi "Bavariya" a'zolarini quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynaklar va sport sumkalari bilan ta'minlaydi.

Qayd etish kerakki, bu Giorgio Armani tomonidan sportchilar uchun kiyim tikib berilishi bo‘yicha birinchi shartnoma emas. 2007-2009 yillar davomida kompaniya "Chelsi" futbolchilarini kiyintirgandi. Biroz avvalroq esa Italiya olimpiyachilari va paralimpiyachilarini 2016 yilgi olimpiya musobaqalariga kiyintirish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.

Ma'lumot uchun, Giorgio Armani kompaniyasiga 1975 yilda italiyalik modeler Jorjio Armani tomonidan asos solingan, unga Serjio Galleoti yordamchi bo‘lgandi. Ular shu vaqtgacha Giorgio Armani, Emporio Armani, Armani Exchange, Armani Jeans, Armani Junior, Armani Casa va boshqa brendlar ostida erkaklar, ayollar hamda bolalar uchun kiyim-kechak, oyoq kiyimlari hamda soatlaru aksessuarlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Armani Italiyaning eng badavlat kishilaridan biri hisoblanadi. U Forbs jurnali versiyasiga ko‘ra 7 mlrd yevro boylikka egalik qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish