Jahon | 07:53 / 20.10.2015
2557
2 daqiqa o‘qiladi

Muxolifatdagi Liberallar partiyasi Kanadadagi saylovda g‘alaba qozondi

19 oktabr kuni Kanada parlamentiga saylovlar bo‘lib o‘tdi va uning natijasida hukumat rahbari o‘zgardi.

Ushbu saylovda deyarli 10 yildan beri (2006 yilning fevralidan beri) mamlakatni boshqargan 56 yoshli siyosatchi Stiven Xarper hukumat rahbari lavozimi uchun to‘rtinchi muddatga kurash olib bordi va yengildi.

Uning boshchiligidagi Konservativlar partiyasi Jastin Tryudo boshchiligidagi liberallardan ortda qoldi.

Natijalarga ko‘ra, liberallar mamlakat sharqidagi Atlantik regionda 32 okrugdan 30tasida yaqqol ustunlik qilishgan.

Liberallarning 43 yoshli yetakchisi Jastin Tryudo Kanadaning sobiq bosh vazirlaridan biri Per Tryudoning o‘g‘li hisoblanadi. Uning partiyasi o‘rta sinf vakillari uchun soliqlarni kamaytirish, badavlat qatlam uchun esa soliqlarni oshirish siyosatini qo‘llashga va'da bergan.

Qayd etish kerakki, Kanadadagi parlament saylovlarida hukumatni shakllantirish uchun siyosiy partiyaga parlamentda ko‘p o‘rin egallashi shart hisoblanmaydi. Faqat saylovda raqibiga nisbatan ko‘proq ovoz yig‘ishi yetarli bo‘ladi.

Saylovdan oldin o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Liberal partiya qariyb 37 foiz ovoz olib yetakchilik qilayotgandi. Konservativ partiyani esa 31 foiz saylovchi qo‘llab-quvvatlashi ma'lum bo‘lgan. Uchinchi o‘rinda "Yangi demokratik partiya" 24 foiz ovoz bilan, keyingi o‘rinlarda “yashillar” va Kvebek blogi 5 foizdan kamroq ovoz yiqqandi.

"Yangi demokratik partiya" yetakchisi Tomas Malker liberallar bilan hamkorlik qilishini ma'lum qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish