Jahon | 06:57 / 20.10.2015
2842
1 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda avtobusdagi bomba portlatilishi tufayli 11 kishi halok bo‘ldi

Pokistonning Kvetta shahrida avtobus portlashi tufayli kamida 11 kishi voqea joyida halok bo‘ldi va 22 kishi tan jarohatlari oldi.

Politsiyaning ma'lum qilishicha, bu portlash yo‘lovchi avtobusning tom qismiga o‘rnatilgan portlovchi qurilma harakatga keltirilishi orqali amalga oshirilgan.

Guvohlarning aytishicha, bu avtobusda shahardagi ishidan uylariga qaytayotgan ishchilar ketayotgan edi.

"Bu begunoh insonlarga qilingan beorlarcha hujum bo‘ldi. Biz so‘nggi terrorchi yo‘q qilingunicha ularga qarshi kurash olib boramiz", deya bayonot bergan Belujiston IIV rahbari Sarafroz Ahmad Bugtiy Reyter nashriga bergan intervyusida.

Belujiston markazi Kvetta shahri keyingi vaqtlarda jangarilar va ayirmachilar faol harakatlanadigan hududga aylanib bormoqda.