22:32 / 20.10.2015
4826

Toshkentda Sanoatchilar forumi ochildi

Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz”da “Markaziy Osiyo sanoat haftaligi – Central Asian Industrial Week – 2015” xalqaro loyihasi doirasida yettita ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda. 

Ushbu tarmoqlararo loyiha har yili ma'lumot almashish va munosabatlarni kengaytirish, O‘zbekiston bozoriga yangi xalqaro ishtirokchilarning kirib kelishi uchun qulay maydonga aylangan.

Joriy yilda ko‘rgazmalar tog‘-kon ishi, metallurgiya, mashinasozlik, qo‘riqlash va xavfsizlik, polimerlar sanoati, poligrafiya va qadoqlash singari yo‘nalishlarni qamrab oldi. Ko‘rgazmalarda O‘zbekiston, Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Xitoy, Chexiya, Janubiy Koreya kabi dunyoning 21 mamlakatidan 110 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.

O‘ninchi marta o‘tkazilayotgan “Tog‘-kon ishi – Mining World Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmasiga ekspozitsiyada markaziy o‘rin ajratilgan. Mamlakatimizning kon-metallurgiya sanoati salohiyati va yutuqlarini namoyish etishga xizmat qiladigan ushbu ko‘rgazmada sohaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari va mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma stendlarida konchilik va tog‘-kon qayta ishlash kompleksi uchun mo‘ljallangan keng turdagi xizmat hamda texnologiyalar taqdim etilgan. “Atlas copco compressors and mining technique” Shvetsiya – O‘zbekiston qo‘shma korxonasining kon-shaxta asbob-uskunalari, Italiyaning yetakchi “Saer Elettropompe Spa” kompaniyacining sanoat va maishiy nasoslari, “Scantech” kompaniyacining (Avstraliya) sanoat analizatorlari, Xitoyning “Zhengzhou Kefid Machinery” kompaniyasi maydalash qurilmalari va boshqa ko‘plab tovarlar shular jumlasidan.

Ko‘rgazma doirasida “O‘ZGeOINVeST – 2015” O‘zbekiston Respublikasining qattiq foydali qazilma boyliklarini ishlab chiqarish va qazib olish bo‘yicha investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ham o‘tkaziladi. Uning O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan tashkil etiladigan taqdimotida mamlakatimiz geologiya tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlar va investitsiya loyihalari, yurtimizdagi konlar haqida atroflicha ma'lumot beriladi. 

“Kimyo sanoati – Chemie Uzbekistan – 2015” va “Plastmassa sanoati – Plastex Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmalarida kimyo va polimerlar tarmog‘ining so‘nggi yutuqlari namoyish etilmoqda.

Kimyo sanoati iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlaridan biridir. Ushbu tarmoq yuksak ishlab chiqarish, xomashyo va ilmiy-texnik salohiyatga ega ekani uni jadal rivojlantirishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Ustyurt gaz-kimyo majmuasining ishga tushirilishi bilan 2020 yilda polietilen ishlab chiqarish hajmi 4,1 barobar oshadi.

Sanoat obektlari va xalqaro ahamiyatga ega yo‘llarni qurish va takomillashtirish masalasi “Sanoat qurilishi va maxsus texnika – UzComac – 2015” xalqaro ko‘rgazmasining asosiy mavzusi bo‘ldi.

“O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyaci vakillarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2020 yilning oxiriga qadar 5815 dona yo‘l-qurilish texnikasi xarid qilishni rejalashtirmoqda. Shu nuqtai nazardan, ko‘rgazma maxsus texnikalar parkini modernizatsiya qilish uchun yangi hamkorlar topishda nihoyatda muhim. Ko‘rgazmada keng turdagi tovar va asbob-uskunalar taqdim etilmoqda. “UK Heavy Machinery” kompaniyasining (Buyuk Britaniya – O‘zbekiston) yo‘l-qurilish texnikalari, “Linnhoff Technologies” kompaniyacining (Singapur) asfalt qorish qurilmalari va boshqalar shular jumlasidan.

“Mashinasozlik, metallurgiya va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish – Machinery Central Asia – 2015” Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi mashinasozlik va dastgohsozlik zavodlari, metallurgiya kompaniyalarining barcha tarmoqlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarini namoyish etish uchun o‘ziga xos biznes maydonga aylandi.

“Qo‘riqlash, xavfsizlik va yong‘inga qarshi himoya – CAIPS – 2015” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi sanoat forumining muhim tadbirlaridan yana biri bo‘ldi. Bu yerda strategik va sanoat uchun ahamiyatli inshootlar xavfsizligini ta'minlash hamda ularni yong‘indan himoya qilish bo‘yicha keng turdagi asbob-uskuna va texnologiyalar namoyish etilmoqda.

Xorijiy ishtirokchilar orasida videokuzatuv tizimlari ishlab chiqaradigan Xitoyning “Hikvision”, Chexiyaning maxsus texnika yetkazib beruvchi “Aerotrade” kompaniyalari va boshqalar o‘z mahsulotlarini namoyish qilmoqda. Ko‘rgazmada mamlakatimizning radioaloqa tizimlarini yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan shug‘ullanadigan “MARS Electronics” va “TBS Inform” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari, obektlarni qo‘riqlash va yong‘in xavfsizligi tizimlarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi “Sistemservis” O‘zbekiston – Vengriya qo‘shma korxonasi hamda boshqa kompaniyalar o‘ziga xos mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

“Poligrafiya va qadoqlash – O’ZBEKinPRINT & O’ZuPACK – 2015” xalqaro ko‘rgazmasi ham Markaziy Osiyo sanoat haftaligining muhim voqealaridan bo‘ldi. Ushbu xalqaro ko‘rgazma 17 yildan buyon matbaachilar, qadoqlovchilar, texnologiya va turli materiallar yetkazib beruvchilar e'tiborini o‘ziga jalb qilmoqda. Har yili ushbu savdo maydonida yangi kompaniyalar o‘z uskunalari imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Joriy yilda “Haver & Boecker” kompaniyasining qadoqlash tizim va qurilmalari, “Line O Matic” kompaniyasining fleksografik bosma mashinalari, “Shanghai Bochen Machinery” kompaniyacining nashrdan keyingi ishlab chiqarish uskunalari va boshqa tovarlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

"Muxtasar aytganda, “Markaziy Osiyo sanoat haftaligi – Central Asian Industrial Week – 2015” xalqaro loyihasi chet el kompaniyalarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilayotir. Mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari ham o‘z navbatida jahon sanoatidagi so‘nggi yutuqlar bilan tanishib, yangi hamkorlar va o‘z mahsulotlarini sotadigan bozor topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda", deyiladi UzA xabarida.

Top