Sport | 19:55 / 21.10.2015
2768
2 daqiqa o‘qiladi

JCh-2018 saralash doirasidagi Falastin va Saudiya uchrashuvi 5 noyabr kuni o‘tkaziladigan bo‘ldi

2018 yilgi jahon chempionati uchun Osiyo mintaqasi saralash bosqichi doirasidagi Falastin va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv joriy yilning 5 noyabr kuni Falastinda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda FIFA rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Aslida uchrashuv 13 oktabr kuni bo‘lib o‘tishi lozim edi. Biroq 7 oktabr kuni FIFA uchrashuvni noma'lum muddatga qoldirgandi.

Bungacha OAVda mazkur uchrashuv uchun Saudiya Arabistoni vakillarining Iordan daryosining g‘arbiy sohillari orqali Isroil nazorat qiladigan hududdan o‘tib kelishni istashmagani uchun, FIFA uchrashuvni Ramallohdan (Falastin) Ammanga (Iordaniya) ko‘chirishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni Isroil mamlakatini tan olmaydigan mamlakatlar sirasiga kiradi.

Yakunda Falastin tomoni raqibning xavfsizligini to‘liq ta'minlash uchun kafolat bergach, FIFA uchrashuvni mamlakat hududida o‘tkazishga ruxsat berdi. Mehmonlar xavfsizligi uchun o‘sha kuni hukumat tomonidan javobgarlik o‘z zimmalariga olingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish