19:45 / 21.10.2015
5693

OAV: Roman Abramovich Gvardiola bilan uchrashib, uni "Chelsi"da ishlashga taklif qildi

Angliyaning «Chelsi» klubining navbatdagi bosh murabbiyi hozirda Germaniyaning «Bavariya» klubini boshqarayotgan Xosep Gvardiola bo‘lishi mumkin. Bu haqda Guardian nashri xabar tarqatdi.

Manbaning yozishicha, shaxsan Roman Abramovichning o‘zi ispaniyalik mutaxassisni londonliklar bosh murabbiyi lavozimida ko‘rishni istamoqda.

«Chelsi» joriy mavsumni Angliya chempionatida ham, Yevropa chempionlar ligasi uchrashuvlarida ham yomon natijalar bilan o‘tkazmoqda. Shuningdek jamoa futbolchilari ham amaldagi murabbiy Joze Mourinoning klubdagi faoliyatidan norozi bo‘lishmoqda.

Futbolchilarning fikriga ko‘ra, Mourino, jamoa yarimhimoya chizig‘ini tanlashda qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘ymoqda. Ayniqsa, Oskar va Radamel Falkaoning tarkibga kiritilmayotgani katta munozaralarga sabab bo‘layapti. Muvaffaqiyatsiz o‘yinlariga qaramay Branislav Ivanovichning asosiy tarkibda muntazam tushirilishi ham uning raqobatchilariga ma'qul kelayotgani yo‘q, deb yoziladi manbada.

Eslatib o‘tamiz, Gvardiolaning amaldagi shartnomasi kelgusi yil yozda o‘z nihoyasiga yetadi. Oldinroq murabbiyning «Manchester Siti» bilan og‘zaki kelishuvga erishib bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Top