Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik mehnatkashlar 2015 yilda 3 mln 350 ming tonnadan ziyod paxta topshirishdi
O‘zbekistonda 2015 yilgi paxta mavsumida dalalardan 3 mln 350 ming tonnadan ziyod paxta mahsuloti yig‘ishtirib olindi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov dehqonlar va fermerlarga yo‘llagan tabrigida aytib o‘tgan.
"Eng muhimi, yetishtirilgan paxta hosili g‘oyat qisqa muddatlarda — 35-40 ish kunida yig‘ib-terib olingani, uning 90 foizi yuqori sortlarga topshirilgani kamdan-kam uchraydigan hodisa", deya qayd etadi davlat rahbari.
O‘tgan yilda dehqonlar davlatga 3 mln 400 ming tonnadan ziyod paxta mahsuloti topshirishgan.
O‘zbekistonda har yili 3,5 mln tonna atrofida paxta xom ashyosi yig‘ib olinib, 1-1,2 tonna paxta tolasi tayyorlanadi. Keyingi 10 yil ichida paxta tolasiga ichki bozordagi talabning o‘sish ko‘rsatkichlari 15 foizdan 40 foizga oshgan.
O‘zbekiston respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston paxtasining asosiy xaridorlari Bangladesh (29 foiz), Xitoy (26 foiz), Janubiy Koreya (7 foiz), Eron (5 foiz) bo‘lib turibdi.
2005 yil boshidan buyon O‘zbekiston 7 million tonnadan ortiq paxta tolasini eksport qilish bo‘yicha bitimlar tuzgan.
O‘tgan haftada Toshkentda bo‘lib o‘tgan paxta yarmarkasida 700 ming tonna paxta sotish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.