09:57 / 22.10.2015
4577

Avtotest” avtomaktabi haydovchisi yo‘lda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganini tan olib, jarima to‘ladi

Avtotest kompaniyasining ma'lum qilishicha, avtomaktab mashinasining yo‘l harakatini buzishi bilan bog‘liq voqea bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

O‘quv markazida ushbu holat yuzasidan loyiha rahbariyati va mas'ul xodimlarning shoshilinch majlisi o‘tkazilgan va qoidabuzar instruktorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan ma'muriy choralar ko‘rilgan.

"Qoidabuzarga nisbatan qat'iy chora ko‘rildi, u maoshining 50 foizlik qismidan mahrum bo‘ldi. Shuningdek, u o‘zi tomonidan yo‘l harakati qoidasi buzganini tan olgan holda o‘z ixtiyori bilan YHXDB (Yo‘l harakati xavfsizligi davlat boshqarmasi) idorasiga borib, 65120 so‘m miqdoridagi jarimani to‘ladi", deyiladi kompaniyaning feysbukdagi sahifasida.

Maxsus majlisda xodimlar faoliyati sifatini yaxshilash bo‘yicha reja asosida harakat qilinishi, maktabning boshqa xodimlariga bu voqea ibrat bo‘lishi kerakligi aytib o‘tilgan.

"Biz barchaga ogohlik va e'tibor uchun minnatdorchilik bildiramiz", deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 21 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan “Avtotest” innovatsion avtomaktabiga tegishli o‘quv mashinasi poytaxt ko‘chalardan birida yo‘l o‘rtasidagi bosish taqiqlangan ikkita taqiqlovchi chiziqni bosib o‘tayotgani aks etgan suratlar chop etildi. Bu surat foydalanuvchilar orasida katta bahs-munozaraga sabab bo‘ldi.

Top