Jahon | 17:15 / 22.10.2015
4023
2 daqiqa o‘qiladi

Bangkokda mobil telefonli piyodalar uchun maxsus o‘tish yo‘lagi paydo bo‘ldi

Tailand poytaxti Bangkok shahrida, Kasetsart universitetidan uzoq bo‘lmagan joyda mobil telefonlar va boshqa turli gadjyetlaridan uzilmagan holda harakatlanadigan piyodalar uchun maxsus yo‘lak barpo etildi.

Bunday yo‘lakni yaratish g‘oyasi bir guruh talabalar tomonidan taklif etilgan. Ular shu orqali yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlamoqchi bo‘lishgan.

Ma'lum qilinishicha, universitetga olib boruvchi yo‘l torgina bo‘lib, undan yurganda telefon yoki boshqa gadjyetlardan foydalanish qiyin, boshqa talabalar shoshib o‘tib, bunga xalal berishadi.

"Bugungi kunga kelib, ayniqsa yoshlar gadjyetlarsiz yashay olishmaydi. Ular smartfonlari ekranidan ko‘z uzishni istashmaydi va bu ularning odatdagi yo‘lda harakat qilishida qiyinchiliklarni tug‘diradi. Bizning loyihamizning birinchi maqsadi - xavfsizlikni ta'minlashdan iborat", deydi g‘oya mualliflaridan biri Natdanay Adisornpunkul.

U va uning sheriklari 6 ming bat (170 dollar) evaziga 500 metr uzunlikdagi maxsus yo‘lakni qurishgan.

Yo‘lakda harakatlanish bo‘yicha maxsus belgilar o‘rnatilgan.

Tailandning aksar aholisi mobil telefonlardan doimiy ravishda foydalanishadi. O‘tkazilgan tadqiqotda aniqlanishicha, 47 foiz piyodalar yo‘lda harakatlanish chog‘ida ham smartfonlaridan xabar o‘qish va xatlar jo‘natishda davom etishadi. Bu borada faqat Xitoy (59 foiz) va Hindistonda (56 foiz) yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan.