10:04 / 22.10.2015
4158

BMT Netanyaxuning Xolokostda Falastin yetakchisining o‘rni haqidagi fikrini bema'nilik deb atadi

21 oktabr kuni BMT Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning 1941 yilda Adolf Gitlerni yahudiylarni qirib yuborishga Falastin yetakchisi – Quddus muftiysi Xoj Amin al-Husayniy ilhomlantirgani to‘g‘risidagi fikriga keskin munosabat bildirdi.

“Yahudiylarga nisbatan Xolokostning boshlanishida natsistlardan tashqari falastinliklar, musulmonlar yoki yana kimnidir ilhomlantirganligi haqidagi har qanday taklif be'manilikka o‘xshaydi”, - dedi jurnalistlarga BMT bosh kotibining rasmiy vakili Farxan Xak. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi mulohazalar keskinlikni yumshatishga xizmat qilmaydi.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida jamoatchilik noroziliklarga sabab bo‘lgan ushbu mulohazani Netanyaxu 20 oktabr kuni Quddusda 37- Sionistlar kongressida aytib o‘tgan edi. “U (al-Husayniy) Berlinga uchib keldi. Bu vaqtda Gitler yahudiylarni yo‘q qilishni istamasdi, u yahudiylarni quvib yubormoqchi edi, - degan fikrni bildi Netanyaxu. – Al-Husayniy Gitler oldiga kelib, dedi: “Agar sen ularni quvib yuborsang, yahudiylar bu yerga (Falastinga) kelishadi”. “Bo‘lmasa ularni nima qilishim kerak?” – so‘radi Gitler. U (al-Husayniy) dedi: “Ularni yoqib yubor”.

Isroil bosh vazirining gapi vatandoshlari tomonidan ham keskin tanqid qilindi. Jumladan, “Sionist lageri” muholifat partiyasi yetakchisi Itsxak Gertsog bosh vazirdan zudlik bilan o‘z so‘zlarini qaytib olishni talab qildi. "Likud" partiyasidan Netanyaxuga safdosh bo‘lgan Isroil Mudofaa vaziri Moshe Yaalon ham bunday tarixiy usulni inkor qildi. “Yahudiylar masalasida yakuniy qarorni al-Husayniy o‘ylab topmagan”, - dedi u.

Top