22:41 / 22.10.2015
6366

O‘zbekistonda “Biznes avtobus” loyihasi yo‘lga qo‘yildi

Toshkentdagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi tomonidan tijorat banklari bilan hamkorlikda “Biznes avtobus” loyihasi o‘tkazildi. Bu haqda UzA xabar bergan.

O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, yosh tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyalashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur loyihadan maqsad yigit-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatimiz iqtisodiyoti yuqori o‘sish sur'atlarining barqarorligini ta'minlashga hissa qo‘shishdan iborat.

Yoshlarda tadbirkorlikka oid bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning bandligini ta'minlash, imtiyozli mikrokreditlar olishida ko‘maklashish, uy mehnati va kasanachilikni, kichik ishlab chiqarishni rivojlantirishda bu kabi loyihalarning ahamiyati katta.

Loyihaga tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lgan jami 850 yigit-qiz jalb qilindi. Tadbir davomida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Mening biznes g‘oyam” va “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihalarining targ‘iboti yuzasidan fikr almashildi. Tijorat banklarining kredit siyosatiga oid seminar tashkil etildi. Unda mutaxassislar yoshlarga tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunlar, biznes-reja tuzish va uni amalga oshirishda bank kreditlaridan foydalanish kabi masalalar yuzasidan tushuncha va tavsiyalar berdi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Top