Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pentagon: AQSh Asadning Halabga hujumini ma'qullamaydi
AQSh Suriya prezidenti Bashar Asad armiyasi mamlakatning iqtisodiy poytaxti Halabga qarshi hujum amalga oshirsa uni ma'qullamaydi. Bu haqda Pentagonda yig‘ilgan jurnalistlar bilan Bog‘doddan turib videoaloqa yordamida suhbatlashgan, Iroq va Suriyadagi “Matonatli qat'iyat” operatsiyasining rasmiy vakili polkovnik Stiv Uorren ma'lum qildi.
“Biz bu hujumni ikki sababga ko‘ra ma'qullamaymiz. Birinchidan, urush siyosiy jarayon yordamida tugatilishi kerak. Ikkinchidan, Asadning ketishi bu siyosiy jarayonning bir qismi bo‘lishi kerak”, deb aytdi Uorren.
Uorrenning aytishicha, agar shunday hujum amalga oshirilsa, unda bu “keskin jang” bo‘ladi. “Biroq bu haqda hozir gapirishga erta”, deb ta'kidlamoqda Uorren.
Suriya qo‘shinlari Halab yaqinida (Damashqdan shimolga tomon 355 km uzoqlikda joylashgan) qarshi hujum operatsiyasining ko‘lamini kengaytirmoqdalar. Qo‘shinlar kuchli arttayyorgarlikdan keyin Halabdan janubi-g‘arbiy tomonda joylashgan Sfayra aholi punkti ustidan nazoratni o‘z qo‘llariga oldi.
Hukumat qo‘shinlari shaharning janubiy tomonidan kiraverishdagi Damashq-Halab avtomobil yo‘lining bir qismi ustidan nazoratni qo‘lga olishni maqsad qilib qo‘yganlar. Bu yo‘l orqali Suriya armiyasi nazoratida bo‘lgan Halab tumanlariga gumanitar yuklar va o‘q-dorilarni yetkazish yo‘li ancha qisqaradi.
Suriya armiyasi jangarilarni ko‘ngilli tarzda qurol tashlashga chaqirmoqda. Halab atrofida yashovchi aholiga “jangarilar pozitsiyalariga yaqinlashish va ular bilan aloqaga kirmaslik” tavsiya qilindi.
Halab 2012 yil avgustdan beri ikki qismga bo‘lingan: uning g‘arbiy kvartallari Suriya armiyasi nazoratida, sharqiy qismlari esa 20 ga yaqin qurollangan guruh nazoratida qolmoqda. Jangarilar, shuningdek, Halabdan shimol tomondagi Turkiya bilan chegaradosh hududlarni ham nazorat qilmoqda.