Jahon | 22:29 / 22.10.2015
6875
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik ayol suriyalik eri va bolalari bilan Sheremetevo aeroportida 1,5 oy yashadi

Rossiya davlat dumasi vitse-spikeri Nikolay Levichev FMX (Federal Migratsiya xizmati) rahbari Konstantin Romodanovskiyga Rossiya Federatsiyasi hududidan 1,5 oy davomida Moskvaning Sheremetevo aeroportida yashab kelgan suriyalik qochqinlarga boshpana berish bo‘yicha so‘rov jo‘natdi.

So‘rov matnida yozilishicha, Sheremetevo aeroportining tranzit maydonida Suriyadan kelgan kurdlar oilasi: Hasan Abdo Ahmad va uning rafiqasi Guliston 4 nafar farzandi bilan yashab kelgan.

"FMX va chegara xizmati xodimlari ularning hujjatlari qalbakiligini aniqlashgan va ularni Rossiya hududiga o‘tkazishmagan", deyiladi deputatning murojaatida.

"Sizdan ushbu oilaning qochqinlarni qabul qilish markazlaridan biriga joylashtirish yoki boshqa davlatga qochqin maqomida o‘tish uchun vaqtinchalik hujjat berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni so‘rayman", deydi Levichev.

Uning ma'lum qilishicha, bu oila aeroport hududida butunlay qoniqarsiz sharoitlarda yashagan, ular o‘zlari uchun aeroportning chekish hududini vaqtinchalik turarjoy qilishgan.

Oila a'zolari Suriya va Iroq fuqaroligiga ega, ularga hujjatlar Suriyaning Hama shahri IIV tomonidan berilgan. Rossiya hududiga uchish uchun viza esa ularga Rossiyaning Iroqdagi elchixonasi ruxsat bergan. Lekin, keyinchalik Suriya ularga berilgan hujjatlar haqiqiy ekanini tasdiqlamagan.

Oila Sheremetevoda bojxona tekshiruvidan o‘tish vaqtida qochqin sifatida boshpana berilishini so‘ragan. Lekin RF FSB ularni davlat chegarasidan noqonuniy ravishda o‘tishda ayblagan va 2 hafta izolyatorda saqlab turgan. Bu bo‘yicha jinoiy ish ochilgach, sudda ularni Sheremetevo aeroportining tranzit maydoniga qaytarib yuborish bo‘yicha hukm chiqarilgan. 2015 yilning 14 oktabrida esa Rossiya FMX bu oilaga qochqinlar maqomini bermaslik bo‘yicha uzil-kesil qarorini ma'lum qilgan.

Natijada, bu oila Samaraga, Guliston Ahmadning ota-onasi yashaydigan uyga yo‘l olishgan. Qozog‘istonlik bu ayolning Belarusda ham qarindoshlari borligi aytilgan.
Levichevning qayd etishicha, Rossiya qochqinlar huquqlari haqidagi Konventsiyani va qo‘shimcha protokollarni ratifikatsiya qilgan.

"Konventsiyaga ko‘ra, oilaning boshqa a'zolari hujjatlari qalbaki bo‘lgan taqdirda ham FMX mutaxassislari oilaning Rossiyaga kirishiga yo‘l qo‘yishi hamda boshqa mamlakatlarga o‘tishi uchun vaqtinchalik hujjat berishi kerak bo‘ladi", deb yozadi Levichev.