Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Time: Pokiston 2015 yilda eng ko‘p yadro quroliga ega beshinchi davlatga aylanadi
Oradan 10 yil o‘tganidan so‘ng Pokiston eng ko‘p yadro quroliga ega bo‘lgan beshinchi davlatga aylanadi, deya xabar qildi Time jurnali Amerikadagi mustaqil tadqiqot tashkiloti ma'lumotlariga asoslangan holda.
Atom bo‘yicha shug‘ullanuvchi chikagolik olimlar bashoratiga binoan, mamlakatda ayni paytda 110dan 130 donagacha yadroviy bomba mavjud bo‘lib, 2025 yilga borib ular soni ikki barobarga ortadi.
Mazkur hisobotning e'lon qilinishi Pokiston bosh vaziri Navaz Sharifning AQShga tashrifi vaqtiga to‘g‘ri keldi. Xabarlarga ko‘ra, Sharif uchrashuv chog‘ida AQSh prezidenti Barak Obama bilan Pokiston tomonidan kichik hajmli (1 tonnagacha) yadro quvvatlaridan foydalanishni cheklash masalasini muhokama qiladi.
Pokistonning e'lon qilishicha, bunday turdagi qurollar qo‘shni mamlakatlar, ayniqsa Hindiston o‘rtasida kelib chiqadigan har qanday mojarolar uchun zarur.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Pokiston va Hindistondan tashqari, AQSh, Rossiya, Britaniya, Fransiya va Xitoyda ham yadro quroli mavjud. Shimoliy Koreya va Isroil ham ushbu qurolga ega bo‘lish uchun harakat olib bormoqda.
Jumladan, KXDR 2005 yildayoq atom bombasi yaratilganini e'lon qilib, 2006 yilning 9 oktabri (quvvati 1 kilotonna) va 2009 yilning 25 mayi (12 kilotonna) va 2013 yil 12 fevral kuni (6-7 kilotonna) atom bombalarini sinovdan o‘tkazgan. Janubiy Koreya tomonining ma'lum qilishicha, ayni paytda KXDR to‘rtinchi bor yadro quroli sinovini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
KXDR harakatlariga javob tariqasida BMT Xavfsizlik kengashi mamlakatlarni yadro sohasida tadqiqotlarni to‘xtatishga chaqiruvchi bir qator rezolyutsiyalarni qabul qilgan.