20:34 / 22.10.2015
10187

Toshkentda yana benzin inqiroz boshlandimi?

2015 yil hisobidan necha martadirki, Toshkentdagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida yana benzin tanqisligi vujudga kelmoqda. Haydovchilar yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi uzun navbatlarga ko‘nikib ulgurdi.

Yopiq shoxobchalar, uzun navbatlar “O‘zneftmahsulot” AKga nisbatan noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Aktsionerlik kompaniyasi rahbariyatining haydovchilarga nima deb javob berishi esa barchaga ma'lum.

Biroq shunga qaramasdan, “Novosti Uzbekistana" (Nuz.uz) tahririyati yuzaga kelgan vaziyat Toshkentdagi yonilg‘i quyish shoxobchalariga benzin yetkazib berish tizimidagi inqiroz bilan bog‘liqmi yoki neft mahsulotlari bozoridagi yana bir spekulyatsiyami, degan savolga javob topish maqsadida kompaniya xodimlariga murojaat qilishdi.

“Ma'lum bo‘lishicha, +998 71 231 13 82 raqamiga javob bergan yagona “O‘zneftmahsulot” AK xodimi malaka oshiruvchi bo‘lib, u vaziyatga baho bera oladigan barcha xodimlar ayni paytda mehnat safarida ekani, shu boisdan keyinroq qo‘ng‘iroq qilishlarini aytgan. Umuman olganda – kutamiz”, - deya qayd etadi internet nashri.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yil sentabr oyida “O‘zneftmahsulot” AK o‘z sayti orqali O‘zbekistonda yonilg‘i mahsulotlari ta'minotida uzilishlar kelib chiqmasligi haqida bayonot bergan edi.
“O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi Sizlarni to‘liq ishontirib ta'kidlaydiki, mamlakatimizda avtobenzin va boshqa YoMMlar ta'minoti bo‘yicha muammo yo‘q, bo‘lmaydi ham. Chunki, Respublikamizda jahon standartlariga javob beradigan barcha yonilg‘i-moylash mahsulotlari yetarli miqdorda ishlab chiqarilmoqda. Neft xomashyosi nafaqat mamlakatimiz ichki ehtiyojini qondirish uchun, balki muayyan miqdordagi yonilg‘i-moylash mahsulotlarini eksport qilish uchun ham yetarli miqdorda qazib chiqarilib, qayta ishlanmoqda”, - deyilgandi murojaatda.

Top