07:43 / 22.10.2015
4154

Yaponiya bosh vaziri Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyo davlatlariga safarini boshladi

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyo davlatlari: Turkmaniston, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga (safar shu tartibda amalga oshiriladi) safarga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.

Safar 27 oktabrgacha davom etadi, Sindzo Abe 5 kun ichida 6 ta davlatga tashrif buyuradi. Bu davlatlardan uchtasiga Yaponiya tarixida mamlakat bosh vaziri birinchi marta tashrif buyuradi.

“Safarni bo‘rttirishsiz tarixiy deb aytish mumkin. Bosh vazir Mo‘g‘ulistondan keyin Turkmaniston, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga tashrif buyuradi. Abegacha bosh vazir Dzyun'itiro Koidzumi Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurgan, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘izistonga tashrif Yaponiya bosh vazirining birinchi tashrifi bo‘ladi”, deb ma'lum qilindi Yaponiya Tashqi ishlar vazirligida.      

Sindzo Abega tashrif paytida yapon kompaniyalarining 50 vakili hamrohlik qiladi. Yaponiya o‘zining Markaziy Osiyodagi ishtirokini oshirmoqchi va shu tariqa Xitoyning mintaqa davlatlariga keng ko‘lamli kirib borishini ushlab turishga umid qilmoqda. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlarining geografik joylashuvini hisobga olsa, “bu davlatlarning barqarorligi va farovonligi mintaqadagi xavfsizlikni ta'minlaydi”, deb ta'kidlanmoqda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligida.

Abe har bir davlatga tashrifi paytida davlat rahbarlari bilan uchrashishi, biznes-anjumanlarda ishtirok etishi, birgalikdagi hujjatlarni imzolashi rejalashtirilgan. Yaponiya bosh vaziri tashrif yakunlari bo‘yicha 27 oktabrda Qozog‘iston poytaxti Ostonada Nazarboyev universitetida nutq so‘zlaydi.   

Top