Fan-texnika | 07:19 / 23.10.2015
3889
2 daqiqa o‘qiladi

Instagram fotosuratlardan takrorlanuvchi video yaratuvchi Boomerang dasturini ishga tushirdi

Instagram ijtimoiy tarmog‘i video yaratish uchun mo‘ljallangan, Boomerang deb nomlangan o‘zining uchinchi chetki dasturini ishga tushirdi. Bu haqda TJ nashriga kompaniya vakili ma'lum qildi. 

Boomerang dasturi bir nechta ketma-ket olingan suratlardan bir soniyali takrorlanib turuvchi roliklar yaratadi. Smartfonning suratga olish tugmasi bosilgandan keyin dastur bir qator suratlarni olib, ularni choksiz takrorlanuvchi videoga aylantiradi.

Dastur harakatlanayotgan obektlarni suratga olishni tavsiya qiladi, aks holda kadrda harakatlanish bo‘lmaydi. Shunga o‘xshash funksiyaga iPhone 6s smartfonidagi Live Photo funksiyasi ega, biroq undagi videolar takrorlanuvchi emas. 

Dasturdan foydalanish uchun instagramda akkauntga ega bo‘lish kerak. Dastur rolik yaratilgandan so‘ng uni feysbukda, instagramda joylashtirish yoki qurilmada saqlab qo‘yishni taklif qiladi. Fayllar uzatilganda .mov formatiga ega bo‘ladi, biroq unda ovoz bo‘lmaydi. 

Dasturdan iOS va Android operatsion tizimlarida foydalanish mumkin. 

Takrorlanuvchi roliklarni yaratish instagramdagi dolzarb masala hisoblanadi, chunki instagramning ichki tahrirchisi ideal ravishda takrorlanuvchi roliklarni yaratish imkonini bermaydi. 2015 yil fevraldan instagramdagi barcha videolar takrorlanuvchi bo‘lib, avtomatik ravishda qaytarib turiladi.

Yangi dastur Instagram yaratuvchilari tomonidan yaratilgan uchinchi chetki dasturdir. Bundan avval 2014 yil avgustda giperlapslar suratga olish uchun mo‘ljallangan Hyperlapse dasturi, 2015 yil martda suratlardan kollaj yaratishga mo‘ljallangan Layout dasturi ishga tushirilgan edi.