08:04 / 23.10.2015
2834

Kreml kubogi. Istomin 2 soat davom etgan bahsda turnirning 1-raketkasiga yutqazdi

O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida davom etayotgan tennis bo‘yicha “Kreml Kubogi” turniridagi ishtirokini yakunladi. U yakkalik bahslarining ikkinchi davrasida mag‘lubiyatga uchradi.

Mukofot jamg‘armasi 771 525 AQSh dollarini tashkil etuvchi musobaqaning chorak finaliga yo‘llanma beruvchi bahsda Istomin turnirning amaldagi chempioni va musobaqaning birinchi raketkasi Marin Chilichga qarshi kortga chiqdi. Xorvatiyalik tennischi ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi davradan boshlagandi.

Ikki soatu ikki daqiqa davom etgan murakkab bahsda tajribali hisoblangan Chilich 7:6 (3), 3:6, 6:3 hisobida zafar quchdi. Uchrashuv davomida Marin 9ta, Istomin esa 4ta eys zarbasini amalga oshirdi. Ikki tennischi o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvlar hisobi 5:1ga yetdi, tabiiyki xorvatiyalik raketka ustasi foydasiga.

Eslatib o‘tamiz, “Kreml Kubogi-2015” g‘olibi 127 ming dollar mukofot puli hamda 250 reyting ochkosiga ega bo‘ladi. Finalchi esa 66 900 dollar va 150 reyting ochkosi bilan taqdirlanadi.

Top