Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: IShID neft sotishdan oyiga 40-50 mln dollar daromad olmoqda
IShID terrorchilik guruhi Suriya va Iroqda bosib olgan hududlardagi neft konlaridan oyiga 40-50 mln dollar daromad olmoqda. Bu haqda “Tass” agentligi ma'lum qildi.
“IShID Suriya va Iroqdagi neft konlaridan olingan neftni noqonuniy sotishdan oyiga 50 mln dollar daromad oladi va shu tariqa bu davlatlarni talaydi. Bunday ma'lumotlarni Iroq razvedkasi va AQShning bir qator mansabdor shaxslari keltirmoqda”, deb aytilmoqda agentlik tomonidan chop etilgan sharhda.
“Aynan neft ekstremistlarning asosiy va muntazam daromad manbaiga aylangan va ularga o‘zlari e'lon qilgan “halifalikda” hokimiyatni ushlab turishga imkon beradi. Neft sotishdan olingan pullar “jangarilarni rag‘batlantirishga” hamda terrorchilar uchun zarur bo‘lgan sanoat infratuzilmalarini tiklash uchun sarflanadi. IShID neftdan olingan pullarga xorijdan zarur uskunalar va mutaxassislarni olib kelishga ham muvaffaq bo‘lgan.
“Tasnim”ning yozishicha, neftning hozirdagi o‘rtacha rasmiy narxi 50 dollarni tashkil qilgan vaqtda IShID neftning bir barrelini kontrabandachilarga 10 dollardan 35 dollargacha narxda sotmoqda.
Iroq maxsus xizmatlarining baholashicha, IShID kuniga 30 ming barrel neft oladi.
Jangarilar bu miqdordan 10-20 ming barrelini Iroqda, qolganini Suriyada oladi. Suriyada jangarilar 250 dan ko‘proq neft qudug‘ini nazorat qiladi, ulardan 161 tasi ishchi holatda.
22 oktabrda Eron majlisi spikeri Ali Larijaniy Sochida “Valday” xalqaro muzokara klubidagi nutqida hozirda IShIDning umumiy boyligi 30 mlrd dollarga baholanayotganini aytib o‘tdi.