Jahon | 11:28 / 23.10.2015
4174
2 daqiqa o‘qiladi

OAV rasmiy Vashingtonning Suriyadagi harbiy kontingentini kengaytirmoqchiligidan xabar topdi

AQSh prezidenti Barak Obama ma'muriyati Suriyada uchishlardan xoli hudud yaratishni va bu mamlakatdagi harbiy kontingenti miqdorini oshirish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Oq uydagi manbasiga asoslanib, The New York Times nashri xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, Oq uyda 18 oktabr kuni Suriyada uchishlardan xoli hudud barpo etish masalasi bo‘yicha majlis o‘tkazilgan. Unda AQSh davlat kotibi Jon Kerri va boshqa yuqori martabali amaldorlar ishtirok etishgan. Pentagon rahbari Eshton Karter bu g‘oyaga ishonchsizlik bilan qaragan. U bu loyiha tufayli Suriyadagi rossiyalik harbiylar bilan nizo kelib chiqishidan xavotirlangan.

Nashrda yozilishicha, bu majlisda prezident Barak Obama ishtirok etmagan. U bu loyihaga butunlay qarshi turmoqda.

Majlisda yig‘ilganlar Suriyaning Turkiya va Iordaniya bilan chegaralari yaqinida ham Suriya fuqarolari uchun xavfsiz hudud yaratish masalasini muhokama qilishgani aytilgan. Nashrning yozishicha, Vashingtondagilar bu orqali Suriyadagi muxolif kuchlarga ham yordam berishni mo‘ljallashmoqda.

5 oktabr kuni AQShdagi yana bir nashr, Financial Times Rossiya va AQSh Suriyada o‘zlarini aqlsiz tutayotgani haqida yozib chiqqandi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Bashar Asadning iltimosiga ko‘ra, 30 sentabr kuni Suriyada IShIDga qarshi harbiy amaliyotlar o‘tkazishni boshladi.

AQSh esa 2014 yilning sentabrida Suriyaga kirgandi.

Bugun, Barak Obama mamlakatning 2016 yildagi mudofaa byudjyetiga rasman veto qo‘ydi. Bu loyihada harbiy xarajatlar uchun 612 milliard dollar ajratish so‘ralgandi.

Mazkur qonun loyihasida, jumladan, Ukrainaga harbiy va razvedka sohasida 300 million dollar miqdorida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish ham nazarda tutilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish