18:41 / 23.10.2015
8019

O‘zbekistonda faoliyat olib borgan «inson huquqlari himoyachisi» soxta hisobot tayyorlagan

Rossiyalik jurnalist Maksim Pereverzev Inson huquqlari tashkilotlaridan birining O‘zbekistondagi agentining faoliyati yuzasidan kichik tekshiruv olib bordi. Uning tekshiruvlari natijasi «Webantenne.com» saytida chop etildi.

"Daryo.uz" nashrining yozishicha, Toshkent viloyati Angren shahrida yashovchi Dmitriy Tixonov huquq himoyachilari tashkilotlari Front Line Defenders (Irlandiya) va Cotton Campaign (AQSh)ning agenti bo‘lib ish boshladi.

Tixonov o‘zining O‘zbekistondagi faoliyati bo‘yicha tashkilotga bir qancha materiallarni taqdim etdi. Tashkilot hisobotlarda ko‘rsatilgan faktlar va xarajatlarning qanchalik to‘g‘ri ekanligi yuzasidan fikr bildirishi uchun Maksim Pereverzevga murojaat qildi. Ko‘p marta Toshkentga kelgan va bu shaharda ko‘plab do‘stlari bo‘lgan rossiyalik jurnalist hisobot hujjatlarida keltirilgan faktlar bo‘yicha o‘z fikrlarini 4 qismga bo‘lgan holda bildirdi.

1. Uy ijarasi. Xarajatlar hisobotida Dmitriy Tixonov Toshkentning Sirg‘ali tumanida 1,5 oy yashash uchun 450 dollar sarflaganini qayd etgan va uy sohibasining tilxatini ilova qilgan.

Tilxatda uy sohibasi o‘z kvartirasini Dmitriy Tixonovga 20 apreldan 7 iyulgacha ijaraga bergani uchun 450 AQSh dollari olganini yozgan. Jurnalist Sirg‘ali tumanida qisqa muddatga ijaraga kvartira olish 100 dollardan oshmasligini qayd etgan.

2. Ijaraga olingan mashina. Hisobotda huquq himoyachisi «Volga GAZ-21» mashinasini ikki haftaga ijaraga olgani uchun 500 dollar to‘lagani aytilgan va avtomobil egasining tilxati ilova qilingan.

«Toshkentda (respublikaning eng qimmat shahrida) shaharning u chetidan bu chetiga boorish 1—2 dollar turadi. Viloyatlarda, shu jumladan, Angrenda ham narxlar ancha arzon. Ikki hafta uchun 500 dollar — bu haddan tashqari yuqori».

3. Tixonov potensial homiylarga «O‘zbekiston yangiliklari» nomi ostida veb-sayt ochish uchun grand ajratishni taklif qiladi. Hisobotda sayt byudjyeti yiliga 75 700 dollar bo‘lishini keltirgan.

«Kuniga 2 ta xabar joylanadigan (Tixonov shunday va'da bergan) saytning bunday katta byudjyeti hattoki Rossiya uchun ham qoyilmaqom. Toshkentda bunday xarajatlar borligiga O‘zbekiston haqida turli bo‘htonlarni o‘qishni istagan chet ellik donorlar ishonadi», — deb yozadi Maksim Pereverzev.

4. Tixonov o‘z ish beruvchilariga O‘zbekistondagi faoliyatiga bag‘ishlangan hisobotdagi ma'lumotlar ham shubha uyg‘otadi. U o‘tkazgan tekshiruvlari natijasida respublikada paxta terish uchun o‘quvchi bolalar majburlanayotgani haqida yozgan. Ammo jurnalist ayni vaqtda O‘zbekistonda paxta yig‘imi uchun bolalar mehnatidan foydalanilmasligini xalqaro kuzatuvchilar ham tasdiqlashini ta'kidlagan.

Ushbu hisobotlar bo‘yicha rus jurnalisti o‘z xulosalarini bildirdi.

«Sobiq ittifoq hududidagi mamlakatlarda mazlumlar huquqini himoya qilish istagida bo‘lgan donorlarning pullarini ustalik bilan shilishmoqda. Donorlar va agentlar o‘rtasida vositachilik qilayotgan huquq himoyachilari tashkilotlarini esa faqat hisobotlar tashvishga soladi. Agar qog‘ozdagi hisobot to‘g‘ri yozilgan hamda ko‘plab kvitansiyalar, cheklar va tilxatlar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, qolgan hech narsa ahamiyatga ega emas», — deydi Maksim Pereverzev.

Top