12:33 / 23.10.2015
3699

O‘zbekistonda harakatdagi tarkiblar ishlab chiqarishga 202 mln dollar sarmoya kiritiladi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi Toshkent mexanika zavodi (sobiq V.Chkalov nomidagi aviatsion ishlab chiqarish birlashmasi) bazasida harakatdagi tarkiblarni ishlab chiqarishga 202 million dollar sarmoya kiritadi.

Hukumat tomonidan tasdiqlangan ishlab chiqarish dasturi 4 yo‘nalishdagi 14 loyihani o‘z ichiga oladi: yangi yuk vagonlarini qurish (yiliga 650 dona), refrijyerator seksiya va konteynerlar (300 dona), yo‘lovchi vagonlari (50 dona), shuningdek, ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarish. Loyihalar temir yo‘l kompaniyasining shaxsiy mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Mazkur dasturni amalga oshirish uchun Toshkent mexanika zavodining 81,52 foiz hajmdagi davlat aktivlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” ustav fondiga o‘tkazildi. 2015 yil so‘ngiga qadar muassasa imkoniyatlarining temir yo‘l kompaniyasi ishlab chiqarish tuzilmalariga moslashtirish ishlari tugallanishi rejalashtirilgan. 2018 yilning 1 yanvariga qadar TMZ yangi ishlab chiqarishni tashkil etish faoliyati samaradorligi uchun bir qator soliq va bojxona imtiyozlariga ega bo‘ladi.

Top