09:15 / 23.10.2015
2224

Pedru Passush Koelyu Portugaliya bosh vazirligiga qayta tayinlandi

Portugaliya prezidenti Annibal Kavaku Silva mamlakat bosh vaziri Pedru Passush Koelyuni o‘z lavozimida keyingi muddatga ham qoldirdi.

"Men Pedru Passush Koelyuni koalitsiya ichidagi saylov g‘olibi sifatida mamlakat bosh vazirligiga qayta tayinlayman", deydi prezident.

U bu masaladagi oxirgi so‘z parlament tomonidan aytilishi, agar deputatlar uning dasturini ma'qullashmasa, vazir iste'foga chiqishini ma'lum qilgan.

Koelyu 10 kun ichida o‘z dasturini parlamentga taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 4 oktabr kuni Portugaliyada parlamentga saylovlar bo‘lib o‘tgan, unda Koelyu rahbarligidagi Portugaliya o‘ng markazchilari koalitsiyasi (Sotsial-demokratik partiya - SDP) 37 foiz ovoz bilan g‘alaba qilgandi. Muxolif Antoniu Koshta rahbarligidagi Sotsialistik partiya (SP) 32 foiz ovoz olgan.

Saylovlarda 13ta siyosiy partiya hamda 3ta koalitsiya ishtirok etgan.

Top