Jahon | 07:41 / 23.10.2015
4169
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Asadning Rossiyaning Suriya muxolifati bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lganini ma'lum qildi

Suriya prezidenti Bashar Asad Moskva IShIDga qarshi kurashda qurollangan Suriya muxolifati bilan hamkorlik qilishiga qarshi emas. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Valday” muhokama klubi yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Men Asaddan biz Suriyada terrorchilarga, IShIDga qarshi kurashga haqiqatda jang qilishga tayyor qurollangan muxolifatni topsak nima deysiz, deb so‘radim. Siz bizning bu muxolifatning terrorchilikka qarshi sa'y-harakatlarini Suriya armiyasi kabi qo‘llab-quvvatlashimizga qanday qaraysiz?, deb so‘radim”, deb aytdi Putin.  

Putinning aytishicha, Asad “Bunga ijobiy qarayman”, deb javob bergan.

Putin Moskva “agar imkoni bo‘lsa, bu kelishuvni amaliyotga tatbiq qilish” ustida ish olib borayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, Putin AQShning qurollangan muxolifatga tankka qarshi majmualarning berilishini katta xato deb aytdi. “Bu qurol terrorchilik tashkilotlari qo‘liga tushib qoladi deb xavotirdaman”, deb aytdi Putin.

“Suriyaning bo‘linishi bu eng yomon, nomaqbul variant. Agar Suriyani alohida qismlarga bo‘lsa, unda bir-biri bilan to‘xtamasdan jang qiladigan alohida hududlar paydo bo‘ladi va bu hech qanday yaxshi narsaga olib kelmaydi”, deb aytdi Putin.

Eslatib o‘tamiz, Putin Bashar Asad bilan 20 oktabrda Moskvada uchrashdi. Tomonlar terrorchilik guruhlari bilan kurash, Suriya Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash rejalari, Rossiyaning Suriyadagi operatsiyasi detallari, ikki tomonlama hamkorlik jihatlarini muhokama qilishdi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish