Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya byudjyetiga muhojirlarga ishlash huquqini beradigan patentlardan 25 mlrd rubl tushdi
Rossiya Federal migratsiya xizmati Federal g‘aznachilik bilan birgalikda mehnat muhojirlariga mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi patent uchun to‘lov amalga oshirilganini avtomatik identifikatsiyalash mexanizmini ishlab chiqdi.
Rossiya Federal migratsiya xizmati (FMX) saytida qayd qilinishicha, bu xorijiy fuqaroning Rossiya federatsiyasida qonunan bo‘lishi muddatini uzaytiradi.
FMXning ta'kidlashicha, barcha to‘langan patentlar haqida ma'lumot har kuni yangilanib turadi. “Shu tariqa bu orqali patentga haq to‘langani haqida soxta kvitansiyalarni taqdim qilish befoydaga aylanadi”, deyilmoqda FMXda.
Agar to‘lov haqidagi ma'lumotlar FMXga o‘z vaqtida tushmasa, unda xorijiy fuqaro ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bunday qoidabuzarlarning patenti bekor qilinib, Rossiyaga kirish taqiqlab qo‘yilishi ham mumkin.
Joriy yilda muhojirlarga ishlash huquqini beruvchi patentlarni sotishdan Rossiya mintaqalari byudjyetiga qariyb 25 mlrd rubl daromad tushgan.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yil 1 yanvardan vizasiz tartib o‘rnatilgan davlatlardan kelgan fuqarolar Rossiyada yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar huzurida patent bilan ishlashlari belgilab qo‘yildi.