Jahon | 21:30 / 23.10.2015
3021
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Rossiya aviatsiyasi tufayli suriyalik qochqinlar yanada ko‘payishini aytmoqda

Turkiya hukumati Turkiyaga yaqin orada yana o‘n minglab yangi qochqinlar kelishini taxmin qilmoqda. Anqara ularni qabul qilishga tayyor va qochqinlar sonining ko‘payishi Suriya armiyasi va Rossiya aviatsiyasining Suriya muholifatiga qarshi harakatlari tufayli sodir bo‘layotganini ta'kidlamoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.

“Biz mutaxassislarimizni qochqinlarning yangi oqimiga tayyorlamoqdamiz. Bizda mobil oshxonalar va yetarlicha oziq-ovqat bor”, deb aytdi Qizil Yarimoy xalqaro harakatining Turkiyadagi bo‘limi vitse-prezidenti Kerem Kinik. Uning aytishicha, Suriyadagi gumanitar vaziyat Rossiya aviatsiyasi operatsiyasidan keyin yanada yomonlashdi. “Halab viloyatining janubiy va sharqiy qismlari aholisi aziyat chekmoqda. 70-80 mingga yaqin odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi va endi xavfsiz joy qidirishga harakat qilmoqda”, deb aytdi Kinik.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 22 oktabrda qochqinlarning yangi oqimi kelishining yaqqol alomatlari kuzatilayotganini ta'kidlab o‘tdi. Erdo‘g‘an Suriyada qochqinlarni joylashtirish uchun “xavfsizlik hududlari” yaratishga yana bir bor chaqirdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish