Jamiyat | 14:16 / 24.10.2015
3710
3 daqiqa o‘qiladi

Tsukerbergning 2016 yilda ochiladigan maktabiga hali tug‘ilmagan bolalar ham qabul qilinadi

Facebook ijtimoiy tarmog‘i asoschisi va bosh direktori Mark Tsukerberg o‘z turmush o‘rtog‘i Pristsilla Chan bilan birgalikda bepul xususiy maktab ochishmoqchi.

Qayd etilishicha, bu maktabda 3 yoshdan o‘qitish boshlanadi. Ularga 12 yoshigacha, ya'ni bu maktabdagi ta'limni yakunlagunlariga qadar tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

2016 yilning avgustida ochiladigan bu maktab Kaliforniyaning Ist Palo Alto shahrida faoliyat ko‘rsatishi aytilgan.

"Men rafiqam Pristsilla ta'lim va tibbiy xizmatni o‘zida birlashtirgan shunday maktab ochish g‘oyasini o‘ylab topganidan xursandman", — deb yozadi Tsukerberg Facebook’dagi sahifasida.

Bu maktabga birinchi navbatda moddiy jihatdan kam ta'minlangan oilalarning farzandlarini qabul qiladi. Ba'zi holatlarda esa bolalar hali tug‘ilmasidan maktabga qabul qilinadi, ularning onalari esa tug‘uruqqacha parvarish qilinadi.

"Salomatlik va ta'lim bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Agar bola betob bo‘lsa, ta'lim olishi qiyinlashadi. Har kuni butun mamlakat bo‘ylab maktablarda ko‘plab bolalar va muallimlar yomon salomatlik oqibatlariga to‘qnash kelmoqda", — deya qo‘shimcha qildi Tsukerberg.

2014 yilning mayida u o‘z rafiqasi bilan birga San-Frantsisko shahri va uning atrofidagi maktablarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z mablag‘lari hisobidan 120 million dollar ajratishi haqida xabar berilgan edi.

2012 yilda Tsukerberg va rafiqasi The Chronicle of Philanthropy nashri tomonidan tuzilgan "Yilning eng himmatli kishilari" reytingida ikkinchi o‘rinda qayd etilishgandi.

Tsukerbergning boyligi 26,7 milliard dollarga baholanadi. U 2012 yilda Silicon Valley Community Foundation jamg‘armasiga ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalari rivoji uchun 500 million dollar mablag‘ni xayriya qilgandi.

2 yil oldin u Startup: Education jamg‘armasi tuzilishi uchun 100 mln dollar ajratgandi. Bu jamg‘arma mablag‘lari maktablar uchun yo‘naltiriladi.

Tsukerberg shu yilning iyulida rafiqasi bilan farzand kutishayotgani haqida ma'lum qilgandi. Ularning oilasidagi yangi mehmon qiz bola bo‘lishi kutilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish