Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kreml: AQSh va uning ittifoqchilari Asad o‘rniga terrorchilikka aloqasi bo‘lmagan birorta nomzod topa olmadi
AQSh va uning ittifoqchilari Suriya prezidenti Bashar Asad o‘rniga unga qarshi kurashayotgan kuchlar orasidan terrorchilikka aloqasi bo‘lmagan birorta nomzod topa olmadi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov britan telekanallaridan birida bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Afsuski, bizning hamkorlar ayni paytgacha terror, ekstremistik tashkilotlar, IShID, “Al-Qoida” va boshqa terrorchilik guruhlari bilan umuman aloqasi bo‘lmagan birorta jiddiy muholifat topa olmadi”, deb aytdi Peskov.
Peskovning aytishicha, Suriya armiyasi terrorchilardan boy berilgan hududlarni qaytarib olishiga umid bor. “Amerikaliklar boshchiligidagi koalitsiya bir yildan beri bombardimon qilishni davom ettirmoqda..., natija esa Suriyaning uchdan ikki qismi IShID tomonidan bosib olinganidan iborat bo‘lmoqda. Afsuski, vaziyat yaxshilanish o‘rniga yomonlashish tomonga qarab ketdi”, deb ta'kidlab o‘tdi Peskov.
Peskovning aytishicha, shuning uchun Rossiya Qurolli kuchlari Suriya hukumat kuchlariga ko‘mak berishni boshladi. “Hozirda aniq natijalar haqida gapirishga erta, biroq biz Suriya armiyasining muvaffaqiyatli hujumlarining ilk alomatlarini ko‘rmoqdamiz. Va shuning uchun Suriya armiyasi o‘zining yerini terrorchilar va ekstremistlardan metr-metrlab, kilometrlab qaytarib olishiga umid bor”, deb qo‘shimcha qildi Peskov.