Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Peskov Suriyadagi terrorchilik muammosini faqatgina IShIDga taqashni soddalik deb atadi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov Suriyadagi terrorchilik muammosini faqatgina IShIDga taqashni soddalik deb aytdi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi ma'lum qildi.
Peskovning aytishicha, Suriyada IShIDdan boshqa ko‘plab xavfli terrorchilik guruhlari ham mavjud. Peskov bu haqda britan telekanallaridan biridagi Hard Talk ko‘rsatuvi efirida aytib o‘tdi.
“Faqatgina IShID haqida gapirish juda sodda yondashuvdir. Yana o‘nlab va o‘nlab juda xavfli guruhlar mavjud. Agar siz IShIDni bombardimon qilmayotgan bo‘lsangiz, siz noto‘g‘ri qilayapsiz, deyish mantiqsizlikdir”, deb aytdi Peskov.
Peskovning ta'kidlashicha, “Suriyada terrorchilik va qo‘poruvchilik guruhlari qorishmasi mavjud bo‘lib, ularning barchasi Suriya armiyasiga qarshi kurashmoqda”. Uning aytishicha, “terrorchilik guruhlariga qarshi kurashish uchun Suriya armiyasini qo‘llab-quvvatlash lozim”.
Peskovning qayd qilishicha, Suriya prezidenti Bashar Asad bilan muzokaralar o‘tkazish Suriyadagi istalgan siyosiy yechimning zaruriy sharti hisoblanadi. “Biz Damashq qo‘ldan boy berilishi xavfi turganda, siyosiy yechim haqida gaplasha olmaymiz”, deb qo‘shimcha qildi Peskov.