Jahon | 21:44 / 24.10.2015
5079
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston va Yaponiya hamkorlik haqida 8 ta yangi hujjat imzoladi

24 oktabrda Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe Tojikistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Shu munosabat bilan o‘tgan tojik-yapon muzokaralari yakunlariga ko‘ra 8 ta yangi hujjat imzolandi, deb xabar bermoqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati.

Xususan, tomonlar beg‘araz asosda “Xatlon viloyatining Panj tumanida ichimlik suvi bilan ta'minlash tizimini tiklash” loyihasini amalga oshirish uchun mablag‘lar ajratilishi haqida uchta kelishuv imzoladi. Shuningdek, ikki davlat hukumatlari o‘rtasida iqtisodiy, ilmiy va texnika sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Bundan tashqari, Tojikiston Milliy banki va Yaponiya jamoatchilik xavfsizligi milliy komissiyasi moliyaviy tadqiqotlar markazi o‘rtasida hamkorlik haqida bayonot qabul qilindi.

Tojikiston davlat tillar universiteti va Yaponiyaning Tsukubi universiteti o‘rtasida hamkorlik va ilmiy almashuv haqida kelishuv imzolandi.

Ma'lum qilinishicha, hujjatlar imzolanishidan avval Tojikiston va Yaponiya ko‘p tomonlama hamkorligi va do‘stona aloqalari bilan bog‘liq masalalar batafsil muhokama qilindi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Yaponiya hukumatiga Tojikistonning ijtimoiy rivojlanishini muntazam qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi hamda Yaponiyaning moliyaviy-texnik yordami tufayli Tojikistonda 340 dan ko‘proq ijtimoiy loyiha amalga oshirilganini ma'lum qildi.

Yaponiya bosh vaziriga Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab safarida Yaponiyaning 50 dan ortiq yirik kompaniya va korxonalari vakillari hamrohlik qilmoqda. Yaponiya OAVlari ma'lumotlariga ko‘ra, o‘zining foydali qazilmalariga ega bo‘lmagan Yaponiya Markaziy Osiyo davlatlariga 16 mlrd dollardan ko‘proq miqdorda investitsiyalar yo‘lantirib, o‘z kompaniyalarining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini mintaqadagi neft-gaz va uran zaxiralari hisobiga qondirmoqchi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish