Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada Qatardagi JChda sovrindor bo‘lib qaytgan bokschilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi
Qatarning Doha shahrida o‘tgan boks bo‘yicha XVIII jahon chempionatida Bektemir Meliqo‘ziyev kumush medal va 2016 yili Braziliyada o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada yo‘llanmasini, Elshod Rasulov esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Farg‘onada ushbu sportchilarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzA xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekiston prezidenti rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e'tibor samarasi yoshlarimiz xalqaro miqyosda erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlarda o‘z ifodasini topayotgani ta'kidlandi.
Farg‘ona viloyati yoshlari ham qit'a va jahon miqyosida salmoqli natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ayniqsa, Farg‘ona boks maktabi vakillarining erishayotgan yutuqlari barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. Boks bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori Elshod Rasulov, o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi, kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindori Bektemir Meliqo‘ziyev, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Oybek Sharipov, Bahodir Mamajonov singari charm qo‘lqop ustalarini bugun nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda ham yaxshi bilishadi.
Vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida ringga chiqqan B.Meliqo‘ziyev kuchli va tezkor zarba, mukammal texnikaga ega ekanini namoyish etdi. Dastlab gruziyalik Zaal Kvachatadzeni birinchi raunddayoq nokautga uchratgan Bektemir keyingi janglarda fransiyalik Kristian M'Billi Assomo, chorak finalda rossiyalik Pyotr Xamukov, yarim finalda irlandiyalik Maykl O’Reylli ustidan ishonchli g‘alaba qozondi va ikkinchi o‘rinni egalladi.
"Bu g‘alabamda prezidentimizning yoshlarga bildirayotgan katta ishonchi, murabbiylarning maslahati va qo‘llab-quvvatlashi asosiy omil bo‘ldi. Kelgusida bundan-da yuqori natijalarga erishish, vatanimiz sharafini yanada ulug‘lashni maqsad qilganman", – deydi B.Meliqo‘ziyev.
Tajribali bokschi Elshod Rasulov vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bellashuvlarda venesuelalik Albert Ramires, turkiyalik Jyem Karlidag va qozog‘istonlik Adilbek Niyazimbetovni yengib, jahon chempionatining bronza medali bilan taqdirlandi.
Sportchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.